2017-yil 29-mart kuni O'zbekiston Respublikasi Prezidenti qarori bilan “O'zbekipaksanoat” uyushmasi tashkil etilgan edi. Uyushmada dastlab tizimda ozuqa bazasini mustahkamlash, pilla yetishtirish hajmi va sifat ko'rsatkichini oshirishga e'tibor qaratildi.

O'tgan davr mobaynida Uyushmaga yuklatilgan vazifalarni bajarish maqsadida 13 ta hududiy va 144 ta tuman “Agropilla” MCHJlari faoliyati yo'lga qo'yildi. Pillachilik tarmog'iga 2018-yilda jami 50 mln. AQSH dollaridan ortiq investitsiya kiritilishi natijasida 31 ta pillani qayta ishlash korxonasi modernizatsiya qilindi, 8 ta yangi pillani qayta ishlash, 8 ta ipak qurti urug'i ishlab chiqarish, 1 ta tut bargidan choy ishlab chiqarish korxonalari ishga tushirildi.

“O'zbekipaksanoat” uyushmasi tarkibidagi qayta ishlash korxonalarini pilla xomashyosi bilan mutanosib ravishda ta'minlash natijasida ularning mavjud ishlab chiqarish quvvatlaridan foydalanish darajasi 2020-yilda 94 foizga chiqarildi. Taqqoslash uchun bu ko'rsatkich 2016-yilda 17,9 foizni tashkil etgan.

Uyushmaning joriy yildagi rejalari ham bisyor. “O'zbekipaksanoat” uyushmasi tizimida 2021-yilda ozuqa bazasini mustahkamlash maqsadida 69 million tup tut ko'chatlari ekiladi. 5,7 ming gektar maydonda yangi tutzorlar tashkil qilinib, respublikamizdagi tutzorlar 56 ming gektarga yetkaziladi.

Pilla etishtirish mavsumlari uchun ipak qurti urug'chilik korxonalari tomonidan 2021-yilda 240 ming quti ipak qurti urug'i tayyorlanadi.