Ikki kun mobaynida boʻlib oʻtgan koʻrgazma hamkorlikning yangi qirralarini belgilab olish uchun qulay muloqot maydoni boʻlib xizmat qildi. Afgʻonistonlik tadbirkorlar Oʻzbekistonda ishlab chiqarilgan charm-poyabzal va charm-attorlik buyumlarga katta qiziqish bildirib, mahalliy ishlab chiqaruvchilarimiz bilan samarali muloqotlar olib bordi.
Maʼlumot oʻrnida qayd etish kerakki, Afgʻoniston Islom Respublikasiga mamlakatimiz korxonalari tomonidan 2018-yilda atigi 400 ming dollarlik poyabzal, charm-attorlik va moʻynachilik mahsulotlari eksport qilingan boʻlsa, 2020-yilda bu boradagi koʻrsatkich 2,4 million dollarni tashkil etgan. Ikki yilda eksport koʻrsatkichi 5 barobarga ortgan. 2021-yilning shu kuniga qadar 1 million dollarlik soha mahsulotlari Afgʻonistonga yetkazib berildi. Yil yakuniga kelib mazkur koʻrsatkichni 3,1 million dollarga yetkazish rejalashtirilgan.
Termiz shahrida boʻlib oʻtgan koʻrgazma esa ayni yoʻnalishdagi aloqalarning yana-da kengayishi va milliy charm-poyabzal mahsulotlarimizning Afgʻonistonga eksport hajmini oshirishga xizmat qiladi.
Jumladan, Afgʻonistonning “Nooragah Sherifi” kompaniyasi Oʻzbekistondan poyabzal va moʻynachilik mahsulotlarini eksport qilinishi yuzasidan Surxondaryoda joylashgan “Giovanni Sino” korxonasi bilan muzokaralar oʻtkazdi. Afgʻonistonlik tadbirkorlar dastlabki bosqichda 300 ming dollarlik soha mahsulotlarini eksport qilish taklifini bildirdi.
Shuningdek, “Oʻzcharmsanoat” uyushmasi afgʻonistonlik sarmoyadorlarga yurtimizning investitsiyaviy salohiyati, ishlab chiqarishga oid imkoniyatlari va xom ashyo bazasi toʻgʻrisida batafsil maʼlumot berdi. Oʻzbekistonda ish boshlash istagida boʻlgan investorlarga yaratilgan shart-sharoit va berilayotgan imtiyozlar toʻgʻrisida tushuntirishlar olib borildi.
Umuman olganda mazkur koʻrgazma Oʻzbekiston — Afgʻoniston munosabatlarining yangi bosqichini mazmunan boyitish uchun yana bir muhim amaliy qadam boʻldi, deb xabar beradi “Oʻzcharmsanoat” uyushmasi matbuot xizmati.