Uchrashuv Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi masʼul xodimlarining Belarusga “TIBO-2021” XXVII Xalqaro axborot-kommunikatsiya texnologiyalari forumida ishtirok etish uchun tashrifi doirasida boʻlib oʻtdi.

Uchrashuvda taʼkidlanganidek, telekommunikatsiya sohasidagi hamkorlik doirasida “Oʻzbektelekom” AK va “Beltelekom” Respublika unitar korxonasi xalqaro telefon va telegraf aloqalarining oʻzaro xizmatlarini taqdim etyapti. Shu bilan birga, avia va yer usti aloqa orqali pochta almashinuvi, shu bilan birga pochta pul oʻtkazmalari ham yoʻlga qoʻyilgan.

IT tadbirkorlik va startap harakatini rivojlantirishda hamkorlik olib borish va tajriba almashish ustuvor yoʻnalishlardan biridir. 2017-yildan boshlab, yuqori texnologiyalar parki bilan hamkorlik olib borish va tajriba almashish yoʻlga qoʻyildi. Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari Texnologik parkini yaratishda va rivojlantirishda Belarus davlati tajribasi oʻrganildi va foydalanildi.

IT sohasini yana-da takomillashtirish, raqobatbardosh va istiqbolli dasturiy mahsulotlarni yaratish, chet el davlatlari uchun AT xizmatlari autsorsingini kengaytirish va AT sifatini yaxshilash maqsadida 2019-yil 10-yanvarda Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parki (IT-Park) tashkil etildi.

Hozirgi kunda IT-Park rezidentlari 484 ta axborot texnologiyalari sohasida faoliyat yuritayotgan kompaniyalar boʻlib, 60 ta eksportga yoʻnaltirilgan va 14 ta kompaniya xorijiy kapital ishtirokida tashkil etilgan. “EPAM Systems”, “SoftClub”, “Eksadel” kabi qator Belarus IT-kompaniyalari IT-Park rezidentlari hisoblanadi.

Bugungi kunda IT-Park bilan hamkorlikda mamlakat boʻylab raqamli texnologiyalarga ixtisoslashgan oʻquv markazlari tashkil etilmoqda. Hozirda respublika boʻyicha 132 ta IT-markaz faoliyat yuritib kelyapti. Bunday markazlar hududlardagi yoshlarga raqamli texnologiyalar asoslarini oʻrgatish, shuningdek, AKT sohasidagi mutaxassislarning malakasini oshirish uchun xizmat qiladi.

AKT sohasidagi mutaxassislarni hamkorlikda oʻqitish va malakasini oshirish doirasida samarali ishlar olib borilyapti.

Elektron hukumat sohasidagi hamkorlik istiqbolli yoʻnalishlardan biri hisoblanib, joriy yilda Oʻzbekiston Respublikasi Elektron hukumat loyihalarini boshqarish markazi va Belarus Respublikasi Elektron xizmatlar milliy markazi mutaxassislari tomonidan bir qator onlayn uchrashuvlar oʻtkazildi. Suhbat davomida elektron hukumat sohasida oʻzaro hamkorlik yoʻnalishlari belgilab olindi, deb xabar beradi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi matbuot xizmati.