Gruziya Bosh vazirining 2022-yil mamlakatimizga tashrifi chogʻida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev qabulida boʻlib, ikki tomonlama amaliy hamkorlikni yanada kengaytirishga kelishib olingandi.
Tbilisi shahrida 17-iyul kuni Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov Gruziya Bosh vaziri Irakliy Garibashvili boshchiligida ikki mamlakat hukumatlari delegatsiyalarining yigʻilishida Oliy darajada erishilgan kelishuvlar ijrosini taʼminlash, ikki tomonlama hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Iqtisodiy hamkorlik, sanoat kooperatsiyasini kengaytirishga koʻmaklashish mamlakatlarimiz oʻrtasidagi munosabatlarning asosiy yoʻnalishlaridan biri hisoblanadi. Tovar ayirboshlash hajmi oʻsib bormoqda. Kelgusida uni yanada oshirish imkoniyati bor.
Yigʻilishda Oʻzbekiston tomoni Gruziyaga elektrotexnika mahsulotlari, avtomobillar, tayyor toʻqimachilik mahsulotlari, sarxil va quruq meva-sabzavotlar, polimer va kimyo mahsulotlari yetkazib berishga tayyorligi bildirildi.
Maʼlum qilinishicha, bugungi kunda ikki davlat kompaniyalari ishtirokida amalga oshirilishi rejalashtirilgan koʻplab investitsiya loyihalari va savdo shartnomalari roʻyxati imzolash uchun tayyorlangan.
Yigʻilishda transport-logistika sohasidagi hamkorlik mamlakatlarimiz oʻrtasidagi munosabatlarning ustuvor yoʻnalishlaridan biri ekanligi qayd etildi.
Shuningdek, Oʻzbekiston va Gruziyaning boy madaniy va tarixiy merosi turizm sohasini yanada rivojlantirish, madaniy-gumanitar almashinuvlarni koʻpaytirish uchun qulay zamin yaratmoqda.
Buning uchun kelgusida birgalikda turlar tashkil etish, mehmonxona biznesida sayyohlik kompaniyalari va tuzilmalari oʻrtasida hamkorlikni yoʻlga qoʻyish zarur.
Yigʻilish yakunida qator ikki tomonlama hujjatlar imzolandi.
Oʻzbekiston hukumati delegatsiyasining Gruziyaga rasmiy tashrifi doirasida 18-iyul kuni Batumi va Poti shaharlaridagi portlar faoliyati bilan ham yaqindan tanishildi.
Bosh vazirning matbuot xizmati.