Anjuman Markaziy Osiyo xalqaro instituti, Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti va Ozarbayjon elchixonasi qoshidagi Haydar Aliyev nomidagi madaniyat markazi tomonidan tashkil etildi.
Unda ikki davlat parlamentlari aʼzolari, diplomatik va ilmiy doira vakillari, “Oʻzbekiston-Ozarbayjon” doʻstlik jamiyati, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi vakillari, ikki mamlakat nufuzli oliy taʼlim muassasalarining professor-oʻqituvchilari va talabalari ishtirok etdi.
Ushbu anjumandan koʻzlangan maqsad ozarbayjon xalqining umummilliy yetakchisi Haydar Aliyev faoliyati bilan bogʻliq muhim tarixiy voqealarni chuqur oʻrganish, shuningdek uning Oʻzbekiston va Ozarbayjon oʻrtasidagi doʻstona munosabatlarni shakllantirish va mustahkamlashdagi oʻrni xususida fikr almashishdan iborat.
Anjumanda qayd etilganidek, qardoshlik rishtalari poydevori HA.Aliyev va Sh..Rashidov tomonidan sobiq sovet tizimi davrida qoʻyilgan edi. Shundan soʻng mustaqillik davrida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev va Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyevning saʼy-harakatlari bilan oʻzbek-ozarbayjon munosabatlari sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarildi hamda ikki tomonlama madaniy, ijtimoiy-iqtisodiy aloqalar yuksaldi.
Forum davomida mamlakatlarimiz oʻrtasidagi munosabatlarning rivojlanishi, Oʻzbekiston va Ozarbayjon duch kelayotgan zamonaviy tahdid, muammolarga baho berildi, shuningdek ikki tomonlama hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qiluvchi yangi gʻoya va loyihalar toʻgʻrisida fikr almashildi.