Oʻzbekiston - Qozogʻiston hukumatlararo komissiyaning navbatdagi yigʻilishi boʻlib oʻtdi

    Xalqaro hamkorlik 5 May 2023 1180

    Bugun Toshkent shahrida O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi ikki tomonlama hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo qo‘shma komissiyaning yigirmanchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

    O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov va Qozog‘iston Respublikasi Bosh vaziri Alixan Smailov raisligida o‘tgan majlisda ikki tomonlama munosabatlar strategik sheriklik va ittifoqchilik tamoyillari asosida faol rivojlanayotgani taʼkidlandi.

    Bunda Prezidentlar Shavkat Mirziyoyev va Qosim-Jo‘mart Taqayevning birgalikdagi saʼy-harakatlari muhim omil bo‘layotgani taʼkidlandi.

    Maʼlum qilinishicha, o‘zaro savdo jadal rivojlanmoqda. Oxirgi besh yilda tovar ayirboshlash ikki baravardan oshdi. O‘tgan yili uning hajmi 4,6 milliard dollarni tashkil qilgan.

    Mamlakatlarimiz rahbarlari hukumatlar zimmasiga yaqin yillarda tovar ayirboshlash hajmini 10 milliard dollarga yetkazish vazifasini qo‘ygan.

    Mazkur yo‘nalishda tuzilgan ishchi guruhlar ayni paytda faol ish olib bormoqda.

    Bugungi kunda O‘zbekistonda Qozog‘iston kapitali ishtirokida 1200 dan ortiq korxona faoliyat yuritmoqda.

    Iqtisodiy sheriklikni chuqurlashtirishning ustuvor yo‘nalishi, shubhasiz, sanoat kooperatsiyasini rivojlantirishdir.

    Davlatlarimiz rahbarlarining o‘tgan yil dekabr oyida Toshkentda bo‘lib o‘tgan muzokaralari yakunlari bo‘yicha qabul qilingan “Yo‘l xaritasi” barcha ustuvor yo‘nalishlarni, jumladan, qiymati 10 milliard dollarlik aniq loyihalarni o‘z ichiga qamrab olgan.

    Issiqlik elektr stansiyalarini qurish, fosforli va mineral o‘g‘itlar, maishiy texnika, farmatsevtika mahsulotlari ishlab chiqarish, to‘qimachilik klasterlarini yaratish, avtomobil ishlab chiqarishni kengaytirish va boshqa ko‘plab loyihalar shular jumlasidandir.

    Yig‘ilishda mazkur vazifalar o‘zaro hamkorlik aloqalarini yanada faollashtirishga, yangi ish o‘rinlari yaratishga hissa qo‘shishi taʼkidlandi.

    Shuningdek, yig‘ilishda savdo-sotiq, investitsiya, sanoat, energetika, transport, qishloq va suv xo‘jaligi, taʼlim, sog‘liqni saqlash va madaniy-gumanitar sohalarda hamkorlikni yanada kengaytirish yuzasidan o‘zaro fikr almashildi.

    Majlis yakunlari bo‘yicha qator hujjatlar imzolandi.

    O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining Matbuot xizmati