Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi, Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Raqamli texnologiyalar vazirligi, Taʼlimni rivojlantirish respublika ilmiy‑metodik markazi, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi xodimlari, ekspertlar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Matbuot anjumanini ochgan Eldor Tulyakov “Taraqqiyot strategiyasi” markazi nomidan bugungi kunda amalga oshirilayotgan islohotlar va “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasini takomillashtirishda nima uchun taʼlim sohasiga alohida eʼtibor qaratilayotgani haqida toʻliq maʼlumot berdi.

Maʼlum qilinishicha, mamlakatda maktabgacha taʼlimdan oliy taʼlimgacha boʻlgan barcha taʼlim bosqichlarida sifat va samaradorlikni oshirish, bilim darajasini xalqaro standartlar asosida mustahkamlash uchun kompleks choralar belgilangan. Bu yoʻnalishlar, jumladan, bolalarni maktabgacha taʼlim bilan qamrab olish darajasini oshirish, umumiy oʻrta taʼlim muassasalari infratuzilmasini yangi bosqichga koʻtarish va oliy taʼlim tizimini zamonaviy darajaga muvofiqlashtirishni oʻz ichiga oladi.

Anjumanda taʼkidlanishicha, strategiya doirasidagi ustuvor vazifalar orasida:

  • Maktabgacha taʼlim bilan qamrab olishni yanada kengaytirish;
  • Umumiy oʻrta taʼlim muassasalarini 100 % toza ichimlik suvi va zamonaviy sanitariya‑gigiyena sharoiti bilan taʼminlash;
  • Taʼlim muassasalariga har yili 600 nafargacha xorijiy tillar va innovatsion fanlar boʻyicha mutaxassislarni jalb qilish;
  • Pedagogik yoʻnalishlarda davlat granti bilan tayyorlangan kadrlar ulushini oshirish ishlari ham borligi taʼkidlandi.

Shuningdek, kasbiy taʼlim va oliy taʼlim sohalarida yangi usullar joriy etilib, taʼlim sifatini 70 %ga oshirish va bitiruvchilarning 1–3 yil ichida mutaxassisligi boʻyicha ish bilan taʼminlanish holatini yaxshilash kabi koʻrsatkichlar belgilandi.

Tadbir yakunida jurnalistlar oʻzlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javoblar oldilar.

Zulxumor Akbarova