Mazkur strategiyaning qabul qilinishidagi asosiy sabablar yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizdan o'rin olgan huquqiy normalarni amalga oshirishda yordam beruvchi xalqimizning erkin va farovon, qudratli yangi O'zbekistonni barpo etish bo'yicha xohish-irodasini ro'yobga chiqarish, har bir fuqaroga o'z salohiyatini rivojlantirish uchun imkoniyat yaratish, sog'lom, bilimli va ma'naviy barkamol avlodni tarbiyalash, global ishlab chiqarishning muhim bo'g'iniga aylangan kuchli iqtisodiyotni shakllantirish, adolat, qonun ustuvorligi, xavfsizlik va barqarorlikni kafolatli ta'minlash maqsadlarini ifoda etuvchi omillardir.

Umumiy 100 maqsaddan iborat mazkur strategiyaning “Har bir insonga o'z salohiyatini ro'yobga chiqarishi uchun munosib sharoitlarni yaratish” deb nom olgan birinchi yo'nalishida ta'lim tizimi, aholi salomatligini ta'minlash, ijtimoiy xizmatlar ko'rsatish va kambag'allikni qisqartirish, yoshlarga oid davlat siyosati va sport, ma'naviy taraqqiyotni ta'minlash va madaniyat sohasini yangi bosqichga olib chiqish bo'yicha islohotlar qamrab olindi.

“Barqaror iqtisodiy o'sish orqali aholi farovonligini ta'minlash” deb nom olgan ikkinchi yo'nalish 17 maqsadni mujassamlashtirib, iqtisodiyotni ikki barobar rivojlantirish masalalarini qamrab olgan. Suv resurslarini tejash va atrof-muhitni muhofaza qilish deb nom olgan uchinchi yo'nalishida suv resurslarini tejash va atrof-muhitni muhofaza qilish bo'yicha islohotlar o'z aksini topgan.

Qonun ustuvorligini ta'minlash, xalq xizmatidagi davlat boshqaruvini tashkil etish nomini olgan to'rtinchi yo'nalishda xalq xizmatidagi davlat boshqaruvini tashkil etish va jamoatchilik boshqaruvini takomillashtirish, qonun ustuvorligini ta'minlash va sud-huquq tizimidagi islohotlar jamlangan.

“Xavfsiz va tinchliksevar davlat” tamoyiliga asoslangan siyosatni izchil davom ettirish” deb ataluvchi beshinchi yo'nalishda ochiq, pragmatik va faol tashqi siyosat olib borish bo'yicha va mamlakatimiz xavfsizligi va mudofaa salohiyatini kuchaytirish bo'yicha islohotlar o'rin olgan.

Mazkur yo'nalish va maqsadlar yaqin kelajakdagi mamlakatimiz va xalqimiz rivoji uchun xizmat qiluvchi, aholimiz turmush tarzini yanada yaxshilovchi amaliy harakatlar yig'indisidir.

S.eRONOV,

TDTU Olmaliq filiali kafedra mudiri,

S.DONIEV, katta o'qituvchi