Ayni kunlarda Janubiy Koreyaning Jinja shahri meri janob Jo boshchiligidagi delegatsiya mamlakatimizda boʻlib turibdi.
Kuni kecha Ohangaron tumani hokimi Abdurasul Abdullayev delegatsiya aʼzolarini qabul qildi. Uchrashuv “Eyvalek” qoʻrgʻonida barpo etilgan “JINJUZ SILK Co” xorijiy korxonasida boʻlib oʻtdi.
Dastlab mehmonlar pillani qayta ishlashga moʻljallangan ushbu korxona faoliyati va u yerdagi sharoitlar bilan yaqindan tanishishdi. Soʻngra tomonlar korxona maʼmuriy binosida muzokaralar stoliga oʻtirishdi.
Oʻzaro suhbat boshida tuman hokimi Abdurasul Abdullayev koreyalik hamkasbining tumanimizga tashrifidan mamnun ekanligini taʼkidlab, Ohangaron tumanining oʻziga xos xususiyatlari, bu yerdagi shart-sharoitlar, aholining turmush tarzi, yaratilayotgan imkoniyatlar, soʻnggi yillarda olib borilayotgan keng koʻlamli islohotlar haqida toʻxtaldi. Shuningdek, tuman rahbari Oʻzbekiston Respublikasining xorijiy hamkorlari orasida Janubiy Koreya alohida va muhim oʻrin tutishi, ikki xalqning bir-biriga oʻxshash jihatlari koʻpligiga alohida urgʻu berib, koreyalik doʻstlar bilan hamkorlik yanada yuqori bosqichlarga chiqayotganligini aytib oʻtdi.
Oʻz oʻrnida janob Jo tuman hokimi tomonidan iliq kutib olingani, tumanda olib borilayotgan islohotlar, shuningdek, pillani qayta ishlash borasidagi saʼy-harakatlariga yuqori baho berib, bundan keyin ham ikki tomonlama hamkorlik aloqalari yanada mustahkamlanib borishiga ishonch bildirdi.
Aytib oʻtish joizki, Janubiy Koreyaning Jinja shahri pillani qayta ishlash va undan mato toʻqib chiqarish boʻyicha dunyodagi yetakchilar qatorida turadi. 2019-yilda koreyalik hamkorlar tomonidan Ohangaron tumani “Eyvalek” MFYda pillani qayta ishlashga ixtisoslashgan etilgan “JINJUZ SILK Co” xorijiy korxonasi barpo etilgan. Korxona qurilishi uchun tuman hokimligi tomonidan 2,5 gektar yer maydoni ajratilgan. Shuningdek, tuman zaxirasidagi yerlardan korxona uchun jami 517,6 gektar, shundan 11,8 gektar sugʻoriladigan, 498,3 gektar tutzor, 0,7 gektar yaylov va 4,7 gektar boshqa yer maydonlari ajratilgan.
Umumiy qiymati 5,5 million dollarga teng boʻlgan ushbu korxona 1 yilda 30-60 tonna pillani qayta ishlash quvvatiga ega. Korxonada qayta ishlangan mahsulot 100 foiz xorijga eksport qilinmoqda. Xususan, korxona 2019-yilda 45,9 ming dollarlik, 2020-yilda 640,4 ming dollarlik, 2021-yilda 523,1 ming dollarlik ipak xom-ashyosi eksport qilgan boʻlsa, joriy yilda ushbu koʻrsatkich 690 ming dollar boʻlishi kutilmoqda.
Koʻtarinki va doʻstona ruhda oʻtgan muzokaralar chogʻida tuman hokimi Abdurasul Abdullayev pillani qayta ishlash borasidagi hamkorlik aloqalari yanada rivojlanib borishini, bu borada hamkorlarni hamisha qoʻllab-quvvatlashga tayyor ekanligini aytib oʻtdi.
Oʻz navbatida janob Jo qabul uchun minnatdorlik bildirib, ikki tomonlama doʻstona hamkorlik abadiy boʻlishini tilab, tuman hokimiga Jinja shahrining ramzi boʻlgan “Yes I Can” deb nomlanuvchi esdalik sovgʻasini topshirdi.
Shundan soʻng, xorijlik delegatsiya aʼzolari Toshkent shahriga kuzatib qoʻyildi.