баннер
25 Apr 2025
15:55

    “Oʻzbekiston — koʻp millatli ahil oila” totuvlik va doʻstlik festivali

    Bugun Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universitetida “Oʻzbekiston — koʻp millatli ahil oila” mavzusida festival tashkil etilib, universitetning professor-oʻqituvchilari, talaba-yoshlar, shuningdek, Namangan davlat texnika universiteti bilan Urganch davlat universitetidan delegatsiyalar ishtirok etdi.

    Dastlab mehmonlar talabalar tomonidan yaratilgan milliy liboslar, hunarmandchilik namunalari, rasmlar koʻrgazmalarini tomosha qildilar. Shundan soʻng, “Oʻzbekiston — koʻp millatli ahil oila” mavzusida tadbir boshlandi.

    Ushbu festival yurtimizda yashayotgan har bir millat vakilining ona yurti — Oʻzbekiston bagʻrida naqadar erkin, teng va tinch hayot kechirayotganini yana bir bor namoyish etdi. Tadbirda ishtirok etgan mehmonlar, talaba-yoshlar va jamoatchilik vakillari yurtimizda 130 dan ortiq millat va elat vakillari bir oila farzandlaridek ahil-inoq yashayotganini taʼkidladi. Ularning har biri oʻzining betakror madaniyati, urf-odat va anʼanalari bilan yurtimizning rang-barang madaniy qiyofasiga oʻz hissasini qoʻshib kelmoqda. Oʻzbekiston dunyodagi kam sonli davlatlardan biri boʻlib, unda milliy totuvlik va diniy bagʻrikenglik siyosati davlat darajasida olib boriladi. Har bir millat vakilining oʻz ona tilida soʻzlashishi, taʼlim olishi, madaniyatini rivojlantirishi uchun barcha imkoniyat va sharoitlar yaratib berilgan.

    Festival doirasida milliy liboslar koʻrgazmasi, sahna chiqishlari va konsert dasturlari yigʻilganlar eʼtiboriga havola etildi. Har bir chiqish, har bir qoʻshiq, xalq raqslari yigʻilganlarga oʻzgacha zavq bagʻishladi. Tadbirda soʻzga chiqqanlar Prezidentimiz rahbarligida olib borilayotgan ochiq, xalqchil va bagʻrikeng siyosat natijasida mamlakatimizda millatlararo munosabatlar yangi bosqichga koʻtarilganini alohida taʼkidladi.

    Minajatdin Qutlыmuratov,

    “Yangi Oʻzbekiston” muxbiri.

    Telegram kanalimiz
    Text to speech