Mazkur oʻyinda futbolchilarimiz toʻliq oq libosda, darvozabonimiz esa qora libosda harakatlanadi.

Bahsni Abdulloh Jamali (Quvayt) bosh hakam sifatida boshqarib boradi. Unga qanotlarda Ahmad Said Alrashdi (BAA) hamda Faysal Eid Alshammari (Qatar) yordam beradi. 4-rasmiy hakam vazifasi esa omanlik Qosim Matar Al-Hatmiga topshirilgan. Uchrashuv “Bunyodkor” stadionida soat 19:00 da start oladi.

Ushbu bahsda qaysi jamoaning gʻalaba qozonib, finalga yoʻl olishi haqida oldindan taxmin qilish qiyin. Zero, jamoamiz kabi koreyalik futbolchilar ham ushbu bosqichga koʻtarinki ruhda yetib kelishdi.

Mazkur bahs oldidan "Oʻtgan oʻyinda koʻp kuch va hissiyotlarni yoʻqotdik. Bu gʻalaba harakatlarga arziydi. Koreya Respublikasi bilan ham shiddatkor va qiziqarli oʻyin boʻlishi shubhasiz. Shunday xarakterdagi oʻyinga tayyorgarlik koʻrmoqdamiz", – dedi Oʻzbekiston U-20 terma jamoasi bosh murabbiyi Ravshan Haydarov.

Terma jamoamiz aʼzosi Poʻlatxoʻja Xoldorov esa “Hozir hammasi ajoyib. Oʻtgan bahsda muxlislar stadionda ajoyib muhit yaratdi. Keyingi oʻyinlarda ham ishqibozlarni kutib qolamiz. Bu biz uchun bosim yuklamaydi, aksincha, kuch beradi. Koreya – kuchli terma jamoa. Ularning kuchli va kuchsiz taraflarini oʻrganib chiqqanmiz. Murabbiylar shunga yarasha taktika tanlashyapti”, dedi.