Oʻzbekiston — Koreya: parlamentlararo munosabatlar yanada mustahkamlanadi

    Xalqaro hamkorlik 3 Avgust 2022 1266

    2022-yil 3-avgustda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri Nuriddinjon Ismoilov Koreya Respublikasi Milliy Assambleyasi “Koreya – Oʻzbekiston” parlament doʻstlik assotsiatsiyasi raisi Pak Kvang On boshchiligidagi delegatsiya aʼzolari bilan uchrashdi.

    Muloqot mobaynida mehmonlarga mamlakatimiz hayotida soʻnggi yillarda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, undagi siyosiy partiyalar fraksiyalari, qoʻmitalar faoliyati haqida soʻzlab berildi. Shuningdek, delegatsiya aʼzolariga mamlakatimizdagi muhim siyosiy jarayon — Konstitutsiyaviy islohotlar yuzasidan ham batafsil maʼlumotlar taqdim etildi.

    Uchrashuvda mamlakatlarimiz oʻrtasidagi koʻp qirrali hamkorlik aloqalari izchillik kasb etib borayotgani taʼkidlanib, Oʻzbekiston Prezidentining 2021-yil dekabr oyida Koreya Respublikasiga amalga oshirgan davlat tashrifi va muzokaralar davomida erishilgan kelishuvlar mazkur munosabatlarning yangi ufqlarini ochib bergani eʼtirof etildi.

    Muloqotda tomonlar ikki mamlakat oʻrtasidagi parlamentlararo muloqotni yanada taraqqiy ettirishdan manfaatdor ekanliklari qayd etildi. Jumladan, parlament faoliyati sohasida tajriba almashish, parlamentlararo aloqalarni mustahkamlash, turizm, madaniy-gumanitar kabi sohalarda hamkorlikni rivojlantirish, aloqalarni chuqurlashtirish yuzasidan fikrlar almashildi.

    Oʻz navbatida Pak Kvang On keyingi yillarda Oʻzbekiston iqtisodiy-siyosiy jihatdan jadal rivojlanayotgan davlat sifatida dunyo hamjamiyatida munosib oʻrin egallayotganini yuqori baholab, Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida mamlakatda olib borilayotgan keng koʻlamli demokratik islohotlarni eʼtirof etdi.

    Konstruktiv ruhda oʻtgan uchrashuvda tomonlar hamkorlik rishtalarini yangi bosqichga olib chiqishga kelishib oldilar, deb xabar beradi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi matbuot xizmati.