Oʻzbekiston – Koreya Respublikasi IT-biznes alyansi tashkil etildi

    Oʻzbekistonni yangi autsorsing yoʻnalishi sifatida ilgari surish maqsadida Koreya Respublikasi va Oʻzbekistonda hamkor IT-vakolatxonalar ochiladi.

    Koreya Respublikasida IT Park Oʻzbekiston va Koreya xalqaro sanoat hamkorlik instituti (KIIIC) oʻrtasida “Oʻzbekiston – Koreya Respublikasi IT-biznes alyansi”ni tuzish va bu orqali ikki mamlakat texnologik tarmoqlari oʻrtasidagi aloqalarni mustahkamlash toʻgʻrisidagi bitimni imzolash marosimi boʻlib oʻtdi.

    Seul shahrida tashkil etilgan tantanali marosimda Janubiy Koreyaning eng yetakchi 6 ta IT-assotsiatsiyalari, jumladan, Koreya xalqaro sanoat hamkorlik instituti (KIIIC), Koreya Software assotsiatsiyasi (KOSA), Koreya xizmatlar sanoati instituti (KSI), Koreya informatsion texnologiyalari xizmati sanoati assotsiatsiyasi (ITSA), Koreya fan va sanoat assotsiatsiyasi (RNDIA), Koreya EduTech assotsiatsiyasi (KETIA), Seul Raqamlashtirish jamgʻarmasi (SDF), Kyongbuk texnoparki hamda BizData, Miso Info Tech, SonoArchi, Sangjin CNT, KoMapper, KnowWhere kabi IT- korxonalar vakillari ishtirok etdi.

    Tadbirda qatnashgan Oʻzbekiston raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov mamlakatlarimiz oʻrtasidagi tarixiy, siyosiy va madaniy yaqinlik, shuningdek, yurtimizda yaratilgan imkoniyatlar, imtiyozlarga ega boʻlgan, nisbatan arzon biroq kuchli mutaxassislarga ehtiyoji bor koreyalik kompaniyalar uchun Oʻzbekistonni tanlash ayni muddao ekanligini taʼkidlab oʻtdi.

    Tadbirda Janubiy Koreya IT kompaniyalaridan autsorsing buyurtmalarini Oʻzbekistonga jalb qilish va koreys kompaniyalarini Oʻzbekistonda oʻz ofislarini ochish ishlarini jadallashtirish va bu borada amaliy hamkorlik qilish maqsadida IT Park Uzbekistan bosh direktori Farxod Ibragimov va Koreya xalqaro sanoat hamkorlik instituti raisi Jong Ok-Raye oʻrtasida “Oʻzbekiston – Koreya Respublikasi IT biznes alyansi”ni tashkil etish boʻyicha kelishuv shartnomasi imzolandi.

    Mazkur kelishuvga koʻra, mamlakatimizning Janubiy Koreya bozoriga IT-xizmatlar eksportini oshirish, kompaniyalar bilan muzokaralar olib borish va Oʻzbekistonni yangi autsorsing yoʻnalishi sifatida ilgari surish maqsadida Koreya Respublikasi va Oʻzbekistonda hamkor IT-vakolatxonalar ochiladi.

    Shuningdek, mazkur ittifoq orqali Janubiy Koreya bozorida oʻz loyihalari va xizmatlarini targʻib qilishga qiziqqan oʻzbek kompaniyalariga amaliy yordam koʻrsatiladi.

    Tadbir chogʻida Seul Raqamlashtirish jamgʻarmasi va Miso axborot texnologiyalari kompaniyasi IT-biznes alyansning birinchi ishtirokchi kompaniyalariga aylanishdi.