Bu jarayonda oʻquv dasturlari, taʼlim resurslari va oʻqitish metodikasi taʼlim oluvchilarga yoʻnaltirilgan va inklyuziv boʻlishi, taʼlim oluvchilarning hayotda muvaffaqiyatga erishishi uchun zarur boʻlgan koʻnikmalarni shakllantirishi, ularda tez oʻzgaruvchan muhit va mehnat bozori talablariga moslashuvchanlik qobiliyati hamda vatanparvarlik hissini shakllantirishga yoʻnaltirilgan boʻlishini taʼminlashga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Oliy taʼlim muassasalarining taʼlim sifatiga boʻlgan egalik hissini shakllantirish va taʼlim sifatiga boʻlgan hisobdorligini oshirish hamda oʻz faoliyatini zamonaviy taʼlim sifatini taʼminlash standartlariga (ESG) muvofiqlashtirish orqali oliy taʼlimda taʼlim sifatini yangi bosqichga koʻtarish boʻyicha muhim qadamlar tashlanmoqda.

Shu yilning 26–30-iyun kunlari Litva poytaxti Vilnyus shahrida tashkil etilgan oʻquv seminari mazkur vazifalar ijrosi yoʻlida yangi ilgʻor tajribalarni oʻrganish va hamkorlik aloqalarini yoʻlga qoʻyishda muhim platforma boʻldi. Jahon bankining “Oliy taʼlim tizimini modernizatsiya qilish” loyihasi doirasida oʻtkazilgan tadbirda Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi hamda oliy taʼlim muassasalari vakillaridan iborat Oʻzbekiston delegatsiyasi ham ishtirok etdi.

Safardan koʻzlangan asosiy maqsad oliy taʼlimda sifat va samardorlik koʻrsatkichlarini oshirishda Yevropa davlatlari tajribasini oʻrganish, talabalar va professor-oʻqituvchilar oʻrtasida akademik mobillikni yanada jadallashtirish, bu borada amaliy hamkorlikni kengaytirish hamda oliy taʼlimda taʼlim sifatini taʼminlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar boʻyicha xalqaro hamjamiyatning xabardorligini oshirish, oliy taʼlim kvalifikatsiyalarini tan olish boʻyicha oʻzaro axborot almashinuvini yoʻlga qoʻyish borasida aniq kelishuvlarga erishishdan iborat.

Shundan kelib chiqqan holda, Oʻzbekiston delegatsiyasi Litva poytaxtiga amalga oshirilgan safar davomida bir qator uchrashuv va muzokaralarda qatnashdi. Xususan, Litvaning Taʼlim, fan va sport vazirligida oʻtkazilgan uchrashuvda vazir oʻrinbosari Gintaras Yakshtas ikki davlat oʻrtasida oliy taʼlim hamkorligini yanada rivojlantirishga tayyorligini maʼlum qildi.

Uchrashuvlar davomida Litvaning taʼlim, fan va sport vaziri oʻrinbosari Gintaras Yakshtas Oʻzbekistonda yoshlarning sifatli oliy taʼlim olish imkoniyatlarini kengaytirish boʻyicha olib borilayotgan inklyuzivlik va tenglikka asoslangan islohotlarni yuqori darajada baholash mumkin.

Shuningdek, tizimni takomillashtirish boʻyicha olib borilayotgan islohotlar eng ilgʻor tajribalar asosida va Bolonya jarayoniga uygʻun ravishda olib borilayotganligini alohida taʼkidladi. Ikki davlat oʻrtasida akademik mobillikni yanada rivojlantirish, qoʻshma akademik va ilmiy loyihalarni amalga oshirish va oʻzbek yoshlari uchun Litvada sifatli taʼlim olish imkoniyatlarini kengaytirish boʻyicha hamkorlikka tayyor ekanligini maʼlum qildi.

Oʻtkazilgan muzokaralar natijasida joriy yil yakuniga qadar Andijon mashinasozlik instituti, Toshkent shahridagi Turin politexnika universiteti, Fargʻona politexnika instituti, Toshkent axborot texnologiyalari universiteti, Qarshi muhandislik-iqtisodiyot instituti va Toshkent davlat texnika universitetidan jami 35 nafar professor-oʻqituvchini akademik mobillik dasturi doirasida Litvada malaka oshirishini tashkil etish boʻyicha dastlabki kelishuvga erishildi;

Shu bilan birgalikda Litvaning Vitautas Magnus universiteti bilan hamkorlikda yangi oʻquv yilidan Buxoro davlat universiteti, “Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” milliy tadqiqot universitetida bioiqtisodiyot yoʻnalishi boʻyicha kadrlar tayyorlash, oʻquv dasturlarini takomillashtirish, professor-oʻqituvchilar malakasini oshirish yuzasidan hamkorlik aloqalari oʻrnatildi.

Bundan tashqari, muzokaralar davomida Litvaning 10 ga yaqin oliy taʼlim sohasidagi malakali mutaxassislari 2022-yil davomida Respublikamizning 28 ta davlat oliy taʼlim muassasasidan 200 nafar mutaxassisni taʼlim sifatini taʼminlashdagi yangicha yondashuvlarga oʻqitishi va sohadagi Yevropa tajribasini Oʻzbekistonda qoʻllash boʻyicha kelishuvlarga erishildi.

Shuningdek, Litva Oliy taʼlimi sifatini baholash markazi va Latviya Akademik maʼlumotlar markazi va taʼlim sifatini taʼminlash agentligi vakillari bilan Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi bilan yaqin hamkorlik aloqalarini yoʻlga qoʻyish muhokama qilindi.

Muzokaralar natijasida Oʻzbekistonda taʼlim sifatini taʼminlash tizimini Yevropa oliy taʼlim sifatini taʼminlash standartlari va yoʻriqnomalari asosida takomillashtirish, Yevropa taʼlim sifatini taʼminlash agentliklari reyestriga kirgan nufuzli akkreditatsiya tashkilotlarining xalqaro ekspertlarini taʼlim sifatini baholashda jalb qilish boʻyicha hamkorlik oʻrnatish, oʻzbek oliy taʼlim kvalifikatsiyalarini tan olishda Lissabon konvensiyaga aʼzo davlatlar bilan ENIC-NARIC tarmogʻi orqali muloqotni yoʻlga quyish boʻyicha amaliy kelishuvlarga erishildi.

Xususan, 2022-yil yakuniga qadar Yevropa taʼlim sifati standartlari va baholash mezonlari asosida xorijiy ekspertlarni jalb etgan holda Oʻzbekistondagi 3 ta oliy taʼlim muassasalarini akkreditatsiyadan oʻtkaziladi.

Yevropaning taʼlim sifatini baholash boʻyicha xalqaro darajadagi ekspertlarini jalb qilgan holda yurtimizning 6 ta oliy taʼlim muassasasida taʼlim sifatini ichki taʼminlash boʻyicha namunaviy xablar tashkil etiladi.