Oʻzbekiston va Misr Prezidentlarining siyosiy irodasi va uzoqni koʻzlab amalga oshirayotgan oqilona siyosati natijasida keyingi yillarda munosabatlarimiz yangi bosqichga chiqdi. Ayniqsa, mamlakatimizning ochiq va pragmatik tashqi siyosati tufayli Oʻzbekiston va Misr ikki tomonlama hamkorlikni yanada yuqori darajaga koʻtardi. Misrning “Nazar – 2030” strategik rejasi va Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasi doirasida amalga oshirilayotgan islohotlar ham bir-biriga hamohangdir.
Bundan 32 yil avval oʻrnatilgan diplomatik munosabatlar, mustahkam siyosiy va iqtisodiy sheriklik tufayli barcha sohalarda oʻzaro hamkorlik dinamikasi izchil oʻsib bormoqda. Davlatlarimiz xalqaro miqyosda bir-birini diplomatik jihatdan qoʻllab-quvvatlab kelmoqda.
Ishbilarmonlik va tadbirkorlik aloqalarini kengaytirish, oʻzaro investitsiyalarni faollashtirish va savdoni oshirish uchun katta imkoniyatlar mavjud. Oʻzbekiston va Misr oʻrtasidagi tovar ayirboshlash hajmi soʻnggi besh yilda uch barobardan ziyodni tashkil etib, 2017-yildagi qariyb 10 million dollardan 2022-yilda 30,5 million dollargacha yetdi. Oʻzbekistonning Misrga eksporti esa 16 barobarga oshgan.
Savdo-iqtisodiyot va investitsiya hamkorligi koʻlami ham tobora kengaymoqda. Oʻzbekistonning Qohiradagi diplomatik vakolatxonasi koʻmagida 2022-yil Misrning 25 kompaniyasi vakillarining mamlakatimizga amaliy safarlari tashkil qilindi, oʻnlab biznes-forumlar va davra suhbatlari uyushtirildi. Mamlakatimizning ochiqligi, amalga oshirilayotgan siyosiy-iqtisodiy islohotlar ikki davlat tadbirkorlari oʻrtasidagi hamkorlikni rivojlantirishga ijobiy taʼsir koʻrsatmoqda. Tadbirkorlarning toʻgʻridan-toʻgʻri aloqalari, biznes forumlar va qoʻshma korxonalar savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy hamda sayyohlik sohasida hamkorlik aloqalarini yanada faollashtirish imkonini berdi.
Iqtisodiy, investitsiyaviy munosabatlar izchil rivojlanib borishida misrlik tadbirkorlarning Toshkent, Namangan, Fargʻona, Samarqand, Buxoro, Qarshi va Termiz shaharlariga tashriflari sezilarli taʼsir koʻrsatdi. Bugungi kunda misrlik ishbilarmonlar ishtirokida Oʻzbekistonda 12 qoʻshma korxona faoliyat yuritmoqda. Lekin oʻzaro iqtisodiy aloqalarning hozirgi koʻrsatkichi va hajmini yanada kengaytirish imkoni bor.
Shu bois, yaqin yillarda savdo hajmini oʻn barobargacha oshirish maqsad qilingan. Bugun Misrning “Solyphar” kompaniyasi bilan hamkorlikda Toshkent viloyatidagi “Boʻstonliq-farm” erkin iqtisodiy zonasida dori-darmon ishlab chiqarish zavodini qurish loyihasi ustida ish olib borilmoqda. Loyiha qiymati 20 million AQSH dollarini tashkil etadi. Shuningdek, “Elsewedy Electric” kompaniyasi tomonidan mamlakatimiz energetika sohasida qoʻshma loyihalarni amalga oshirish va innovatsiya ishlanmalarini joriy etish ustida ham ish ketyapti.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 20–21-fevral kunlari Misrga rasmiy tashrifi ikki davlatning iqtisodiy, siyosiy, sarmoyaviy, turizm, sogʻliqni saqlash va taʼlim sohalaridagi hamkorligi rivojlanishiga yangicha turtki berishi, shubhasiz. Boisi, keyingi yillarda ikki tomonlama aloqalar surʼati faollashgan. Xususan, tovar ayirboshlash koʻrsatkichlari oshdi, qoʻshma loyiha va korxonalar soni 6 barobar koʻpaydi. Bu nafaqat Misr, balki butun dunyoda Oʻzbekistonga nisbatan ishonchli savdo sherik sifatidagi qiziqish tobora ortib borayotganidan dalolat beradi. Ayniqsa, Oʻzbekiston – Misr biznes forumi yakunida umumiy qiymati 1,6 milliard dollarlik 20 dan ziyod bitim va shartnomalarni amalga oshirish yuzasidan aniq kelishuvlarga erishilgani oʻzaro hamkorlikni mustahkamlab, barcha sohalarda ulkan yuksalishlarga poydevor boʻladi. Aytish joizki, Misr Oʻzbekiston uchun Afrika bozorlariga, Oʻzbekiston esa Misr uchun Markaziy Osiyo bozorlariga kirish darvozasi hisoblanadi. Ikki doʻst davlat oʻrtasida iqtisodiy hamkorlik uchun katta imkoniyatlar borligini hisobga olsak, iqtisodiy sohadagi kelishuvlar imzolanishi, ishbilarmon doira vakillari bilan uchrashuvlar rejalarni muvaffaqiyatli amalga oshirishga zamin yaratadi.
Tashrif chogʻida ikki tomonlama munosabatlar jadal rivojlanib borayotgani qayd etildi. Savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratildi. Shuningdek, energetika, elektrotexnika, kimyo, togʻ-kon, toʻqimachilik, qishloq xoʻjaligi, farmatsevtika, charm-poyabzal tarmoqlarida sanoat kooperatsiyasi uchun keng imkoniyatlar mavjud. Eng muhimi, Misr kompaniyalariga mamlakatimizda katta investitsiya dasturlarini birgalikda amalga oshirish uchun barcha imkoniyatlar bor. Hamkorlikni yangi pogʻonaga koʻtargan ushbu tashrif davomida ham ushbu masalalar kun tartibidan oʻrin oldi. Xususan, energetika sohasida qoʻshma loyihalarni amalga oshirish, Oʻzbekiston va Misrni bogʻlab turgan transport yoʻlaklarini rivojlantirish choralari ham muhokama qilindi. Prezidentlar siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiya, madaniyat va taʼlim sohalaridagi hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan Qoʻshma bayonotni qabul qilgani tashrifning muhim natijalaridan biri boʻldi.
Yana bir muhim jihat shundaki, erishilgan kelishuvlarning aksariyati ikki mamlakat oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy va investitsion hamkorlikni mutlaqo yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan. Bu esa Oʻzbekiston nafaqat ikki mamlakat oʻrtasida, balki strategik jihatdan juda muhim boʻlgan mintaqalar orasida ham mustahkam hamkorlik koʻprigini bunyod etishni maqsad qilganiga ishoradir. Binobarin, Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar, har bir sohada boʻlayotgan yangilanishlar, iqtisodiyotning liberallashuvi va qulay investitsiya muhiti yaratilgani Misr biznesining Oʻzbekiston bozoridagi faoliyatini kengaytirish uchun katta imkoniyatlar ochmoqda.
“Elsewedy Electric” kompaniyasi elektr energiyasi, transformatorlar va kabel mahsulotlarini ishlab chiqarish boʻyicha Misrdagi eng yirik korxona boʻlib, shamol va quyosh elektr stansiyalarini qurish, transformatorlar, kabel-sim mahsulotlari va qoʻshimcha qismlarni ishlab chiqarish boʻyicha qoʻshma loyihalarni hayotga tatbiq etishga tayyor. “Orascom Construction” Oʻzbekistonda industrial park yaratib, lok-boʻyoq mahsulotlari va qurilish materiallari uchun kimyoviy moddalar ishlab chiqarish quvvatlarini tashkil etish, shuningdek, 100 MVt quvvatli shamol elektr stansiyasini qurishdan manfaatdor. Misr ham, Oʻzbekiston ham oʻz mintaqasidagi asosiy davlatlar boʻlib, eng muhim transport arteriyalari chorrahasida strategik oʻrin tutadi. Bu ularning geosiyosiy ahamiyatini oshirib, transport va tranzit salohiyatini rivojlantirishga xizmat qilmoqda.
Agar Oʻzbekiston mintaqada mustahkam oʻrni va hurmatiga ega mamlakat ekanini, Misr esa yillar davomida arab dunyosida oʻzining salmoqli soʻzini aytib kelayotganini eʼtiborga olsak, ikki davlat saʼy-harakatlarini birlashtirish mintaqaviy kun tartibi uchun faqat ijobiy natijalar beradi, deb ishonamiz.
Shu jihatdan aytganda, davlatimiz rahbarining Misrga tashrifi mamlakatlarimiz oʻrtasidagi xalq diplomatiyasini yanada rivojlantirishga hissa qoʻshadi. Tashrif doirasida erishilgan kelishuvlarning izchil hayotga tatbiq etilishi esa ikki davlat oʻrtasida barcha sohalardagi hamkorlik aloqalarini yanada kengaytirishga xizmat qilishi shubhasiz. Eng muhimi, Oʻzbekiston bilan Misr oʻrtasidagi munosabatlarni sifat va mazmun jihatidan boyitib, oʻzaro manfaatli hamkorligimizni yanada yuqori bosqichga koʻtaradi.
Qahramon ERGASHEV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati