Uchrashuv davomida joriy yilda Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyevning Oʻzbekistonga tashrifi chogʻida erishilgan yuqori darajadagi kelishuvlar, xususan Oʻzbekiston Respublikasi bilan Ozarbayjon Respublikasi oʻrtasidagi strategik sheriklikni chuqurlashtirish va har tomonlama hamkorlikni kengaytirish toʻgʻrisidagi deklaratsiyani imzolanishi mamlakatlarimiz oʻrtasidagi hamkorlik aloqalarini yangi bosqichga olib chiqqani alohida taʼkidlab oʻtildi.
Muloqotda soʻnggi yillarda ikki mamlakat parlamentlari oʻrtasidagi hamkorlik surʼati yanada jadallashgani qayd etilib, shu bilan birga mavjud imkoniyatlardan yanada faolroq foydalanish, xususan, qonun ijodkorligi yoʻnalishidagi hamda qoʻmitalar oʻrtasidagi hamkorlikni kuchaytirish yuzasidan fikr almashildi. Uchrashuvda gender tenglik va oila masalalari, ikki mamlakat hududlari oʻrtasida amaliy muloqotni yoʻlga qoʻyish kabi masalalar eʼtibor markazida boʻldi.
Shuningdek, 2022-yilning 29-iyun kuni Oliy Majlis Senati Raisi T. Narbayevaning Ozarbayjon Respublikasiga rasmiy tashrifi doirasida Oʻzbekiston va Ozarbayjon tadbirkor ayollarining birinchi biznes-forumi oʻtkazilganligi hamda mazkur forumda sanoat, xizmat koʻrsatish, qishloq xoʻjaligi, hunarmandchilik kabi sohalarda samarali faoliyat yuritayotgan Oʻzbekiston tadbirkor ayollari ishtirok etib, qator kelishuvlarga erishilganligi alohida taʼkidlandi.
Uchrashuv yakunida parlamentlarning savdo-iqtisodiy, transport-kommunikatsiya, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi qoʻshma loyihalarni huquqiy jihatdan taʼminlash boʻyicha oʻzaro hamkorlikni faollashtirish hamda Oʻzbekiston va Ozarbayjon tadbirkor ayollarining navbatdagi biznes-forumini Oʻzbekistonda oʻtkazish borasida kelishib olindi.
Oʻzbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Senatining
Axborot xizmati