Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri Nuriddinjon Ismoilov Ozarbayjon Respublikasi Milliy Majlisi Raisi Saxiba Gafarova boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashdi.
Muloqot avvalida ta'kidlanganidek, keyingi yillarda ikki davlat rahbarlarining siyosiy irodasi, uzoqni ko'zlab amalga oshirayotgan odilona siyosati natijasida mamlakatlarimiz o'rtasidagi hamkorlik aloqalari yangi bosqichga ko'tarildi. Xususan, parlamentlararo hamkorlik yanada jonlandi.
O'zbekiston ochiq va pragmatik tashqi siyosat yuritish, hamkorlar bilan munosabatlarni yanada rivojlantirish, tashqi aloqalar geografiyasini kengaytirishga ustuvor ahamiyat qaratib, iqtisodiy diplomatiyani kuchaytirmoqda. Mazkur yo'nalishda olib borilayotgan ishlar natijasida nafaqat yaqin qo'shnilarimiz, balki iqtisodiy jihatdan yetakchi davlatlar bilan ham teng manfaatli hamorlik yuqori pog'onaga ko'tarilmoqda.
Shuningdek, delegatsiya a'zolariga bugungi kunda mamlakat hayotining barcha jabhasida amalga oshirilayotgan keng ko'lamli islohotlar, xususan, ijtimoiy-iqtisodiy sohalardagi o'zgarishlar haqida ma'lumot berildi. Shu bilan birga, mamlakatimiz parlamentining qonunchilik faoliyati, norma ijodkorligi, qo'mita va fraksiyalari ish uslublari hamda parlamentarizm sohasidagi yangiliklar haqida so'zlab berildi.
O'z navbatida, Ozarbayjon Respublikasi Milliy Majlisi Raisi Saxiba Gafarova samimiy uchrashuv uchun minnatdorlik bildirib, parlamentlararo aloqalarni mustahkamlash, doimiy ravishda muloqot olib borish muhimligini qayd etgan holda, aloqalarni yanada yaxshilashdan manfaatdor ekanligini ta'kidladi.
O'zaro ishonch ruhida o'tgan uchrashuvda O'zbekiston-Ozarbayjon o'rtasidagi parlamentlararo hamkorlik aloqalarini kengaytirish, uni yangi mazmun bilan boyitish masalalari muhokama qilindi. Shu bilan birga, mamlakatlarimiz o'rtasidagi savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy hamkorlikni yanada rivojlantirish, boshqa sohalardagi aloqalar ko'lamini tobora kengaytirib borish xususida so'z yuritildi.
Muloqot yakunida tomonlar kelgusida do'stona aloqalarni yanada rivojlantirishga va muntazam ravishda o'zaro fikr almashib turishga kelishib oldilar.