Anjuman ishini olib borgan mamlakatimiz Savdo-sanoat palatasi raisi Adham Ikromov soʻnggi yillarda ikki mamlakat ishbilarmon doiralari oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlik sezilarli darajada faollashganini taʼkidlarkan, bu borada Savdo-sanoat palatalari ishtiroki ham muhim ahamiyat kasb etishini bildirdi.
Shuningdek, hududlararo kooperatsiya aloqalarini yoʻlga qoʻyish, sanoat kooperatsiyasini takomillashtirish, tovar va xizmatlarning oʻzaro savdosi uchun qulay sharoitlar yaratish boʻyicha ishlarni davom ettirish zarurligiga eʼtibor qaratdi.
Masʼul vazirlik va idoralar vakillari Oʻzbekistonning iqtisodiy salohiyati bilan mehmonlarni tanishtirish maqsadida maxsus taqdimot materiallarini namoyish etishdi.
Forum davomida 20 dan ortiq sohada faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar oʻz mahsulotlari va xizmatlarini hamkorlik qilish istagida boʻlgan hamkorlarga koʻrsatib, oʻz faoliyatlarining afzal tomonlari, ustuvor jihatlari boʻyicha fikr almashdilar.
Biznes forumi va Ishbilarmonlar kengashi yigʻilishi yakunida qishloq xoʻjaligi, qurilish, turizm, logistika, xizmat koʻrsatish hamda toʻqimachilik sohalarining 10 dan ortiq yoʻnalishida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar oʻrtasida qizgʻin muzokaralar oʻtkazilib, bir qator hamkorlik toʻgʻrisidagi kelishuvlar imzolandi.
OʻzA