Uchrashuv avvalida Senat Raisi Tanzila Narbayeva martabali mehmonni yurtimizga tashrifi bilan qutlab, tashrif parlamentlararo munosabatlarni yangi ruhda davom ettirishdagi muhim qadam ekanini taʼkidladi.
Ikki davlat oʻrtasida oliy darajada erishilgan kelishuvlarni hayotga tatbiq etish uchun qonuniy asoslarni yaratish parlamentlar oldidagi asosiy vazifalardan biridir. Ushbu uchrashuv xalqlarimiz manfaatlaridan kelib chiqadigan maqsadlarni amalga oshirish yoʻlidagi faol muloqotlar uchun qulay fursatdir, deyildi suhbatda.
Bugungi kunda Oʻzbekiston-Rossiya munosabatlari yangi bosqich – koʻpqirrali strategik ittifoqchilik va ishonchli hamkorlik darajasiga koʻtarildi. Bunda ikki mamlakat prezidentlari belgilab bergan istiqbolli vazifalar va ularning ijrosi muhim oʻrin egallaydi.
Uchrashuvda oʻtgan yili oʻzaro savdo aylanmasi 15 foizga oʻsib, 12 milliard dollarni tashkil etgani aytib oʻtildi.
Muloqot chogʻida migratsiya masalasida dolzarb vazifalar mavjudligi va bu jarayonda ikki davlat fuqarolarining huquq hamda manfaatlarini himoya qilishning qonuniy yechimlarini hamkorlikda topish muhimligi taʼkidlandi.
Shu bilan birga Oʻzbekiston – Rossiya parlamentlari aloqalarining bugungi holati tahlil etilib, ikki davlat munosabatlarida parlamentlararo yaqin hamkorlik muhim ahamiyat kasb etishi taʼkidlab oʻtildi.
Bu borada Oliy Majlis Senati va Rossiya Federatsiyasi Federal Kengashi oʻrtasida qoʻshma komissiya faoliyat yuritib kelayotgani, ikki davlat parlamentlarining yuqori palatalari rahbarlari muntazam ravishda oʻtkazayotgan uchrashuvlari ishonchli hamkorlik muhitida oʻz samarasini berayotgani eʼtirof etildi.
Oʻz navbatida martabali mehmon samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirdi. – Biz Oʻzbekistonni Rossiyaning 10 ta ishonchli hamkorlaridan biri deb hisoblaymiz. Mamlakatlarimiz oʻrtasida qaror topgan mustahkam doʻstlik va ishonchli sherikchilik siyosatini qoʻllab-quvvatlaymiz, dedi V. Volodin. Parlamentlarimizning izchil va samarali faoliyatidan manfaatdormiz hamda hamkorligimizni yuqori surʼatlarda davom ettirish tarafdorimiz.
Shuningdek, suhbat davomida istiqbolda oʻzaro munosabatlarni yanada mustahkamlash, erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish ustidan nazorat, qonunchilik sohasida tajriba almashish va Yoshlar parlamenti aloqalarini faollashtirish yuzasidan fikr yuritildi.
Oʻzbekiston tomoni Rossiya parlamenti rahbariyati va vakillarini yaqinda Toshkentda oʻtkaziladigan Parlamentlararo ittifoqning 150-yubiley assambleyasi tadbirlarida faol ishtirokini mamnuniyat bilan qabul qilishini bildirdi, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.