O'zbekiston — Rossiya: turizm, madaniyat va muzeylar sohasidagi hamkorlik masalalari muhokama qilindi

    Turizm va madaniy meros vazirligida Bosh vazir o'rinbosari – Turizm va madaniy meros vaziri Aziz Abduhakimov hamda Rossiya Federatsiyasi Madaniyat vazirining o'rinbosari Nadejda Prepodobnaya o'rtasida uchrashuv bo'lib o'tdi.

    Uchrashuv davomida turizm, madaniyat va muzeylar sohasidagi ikki tomonlama hamkorlik aloqalarining bugungi holati va kelajakdagi istiqboli muhokama etildi.

    Qolaversa, O'zbekiston va Rossiya muzeylari o'rtasidagi hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirishda 18-19-noyabr kunlari Toshkent shahrida o'tkazilgan “O'zbekiston va Rossiya muzey vakillari konferensiyasi”ning muhim ahamiyat kasb etishi ta'kidlandi.

    Shuningdek, uchrashuvda muzeylar sohasi bilan bir qatorda madaniy meros ob'ektlarini restavratsiya qilish sohasida ham hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirish, o'zaro tajriba almashish maqsadida rossiyalik usta-restavratorlarning mamlakatimizga tashrifini amalga oshirishga kelishib olindi.

    Bundan tashqari, 2023-yilda mamlakatimizda o'tkazilishi rejalashtirilgan “Rus fasli” loyihasi Dasturi atroflicha muhokama etildi.

    Shu bilan birga, Rossiyadagi O'zbekistonga oid madaniy boyliklardan nusxa olish, ular to'g'risida ma'lumotlar to'plash ishlarini jadallashtirish bo'yicha aniq chora-tadbirlar ham belgilab olindi.