Tashrif asnosida Oʻzbekiston va mintaqamizdagi jarayonlarga qiziqish bildirayotgan siyosatchilar, parlament aʼzolari, diplomatik korpus va biznes vakillari hamda ilmiy-tadqiqot institutlari va tahlil muassasalari tadqiqotchi-ekspertlari bilan qator uchrashuvlar oʻtkazish rejalashtirilgan.
Jumladan, 31-oktyabr kuni Markaz delegatsiyasi Shvetsiya poytaxti Stokgolm shahrida “Global suv hamkorligi” (Global Water Partnership) tashkilotining bosh ijrochi direktori Dario Soto-Abril bilan uchrashuv oʻtkazdi.
Ushbu uchrashuv Oʻzbekiston Respublikasining Shvetsiya Qirolligidagi elchixonasi hamda YEXHT Oʻzbekistondagi vakolatxonasi koʻmagida tashkil etildi. Unda “Taraqqiyot strategiyasi” Markazi rahbari Eldor Tulyakov Oʻzbekistonda ekologiya, atrof-muhofazasi, tabiiy va suv resurslaridan samarali foydalanish va bu borada aholining xabardorligini oshirish boʻyicha amalga oshirilayotgan islohotlarga batafsil toʻxtalib oʻtdi. Bunda, Oʻzbekiston rahbari Shavkat Mirziyoyev va hukumat tomonidan ilgari surilayotgan taklif va gʻoyalar muhim rol oʻynayotgani eʼtirof etildi.
“Global suv hamkorligi” bosh ijrochi direktori Dario Soto-Abril suv resurslaridan samarali foydalanishning ahamiyatiga toʻxtalib, bu jarayon ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishga bevosita bogʻliqligi, xususan, bunda tashkilot jahonning yetmishdan ortiq davlatlari bilan turli loyihalarni amalga oshirayotgani, shu bilan birgalikda Oʻzbekistondagi hamkorlar bilan ham loyihalarni yoʻlga qoʻyishni rejalashtirayotganini taʼkidlab oʻtdi.
Oʻz oʻrnida, Dario Soto-Abril Oʻzbekistonda atrof-muhit muhofazasi, suv, yer va boshqa resurslardan samarali foydalanish yoʻlida olib borilayotgan islohotlarga ijobiy baho berdi va toʻla qoʻllab-quvvatlashini qayd etdi. Xususan, u atrof-muhit muhofazasiga nafaqat davlat tashkilotlari, balki nodavlat tashikotlari, fuqarolik jamiyati institutlari, jamoatchilikning, ular orqali aholining xabardorligini oshirishga qaratilgan bir qator ishlar amalga oshirilayotganiga ham eʼtibor qaratdi.
Undan tashqari, Dario Soto-Abril Oʻzbekiston tomonidan olib borilayotgan faol pragmatik tashqi siyosat, ayniqsa suv resurslaridan samarali foydalanishni mintaqaviy darajada ilgari surayotgan tashabbuslari, transchegaraviy hamkorlikning rivojlanayotgani, suvdan samarali foydalanish boʻyicha davlatlar oʻrtasida oʻzaro hamjihatlik rivoj topayotganini alohida eʼtirof etdi.
Taʼkidlash joizki, ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish, suv resurslaridan oqilona foydalanish BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlari ham toʻla aks etgan va Oʻzbekiston ham dunyoning boshqa mamlakatlari qatorida barqaror, keng qamrovli va izchil iqtisodiy oʻsish, ijtimoiy integratsiya hamda atrof-muhitni muhofaza qilish, shuningdek sayyorada tinchlik hamda xavfsizlikni taʼminlashga koʻmaklashish majburiyatini olgan.
Uchrashuv soʻnggida “Global suv hamkorligi” tashkiloti hamda “Taraqqiyot strategiyasi” markazi hamkorligida ekologiya, atrof-muhit, tabiiy va suv resurslaridan samarali foydalanish boʻyicha qoʻshma loyihalarni amalga oshirish, shu bilan birgalikda mazkur sohada faoliyat yuritayotgan davlat tashkilotlari, nodavlat tashkilotlar, fuqarolik jamiyati institutlari hamda xususiy sektor uchun malaka va koʻnikmalarini oshirish boʻyicha turli treninglar tashkil etishga kelishib olindi, deb xabar beradi “Taraqqiyot strategiyasi” markazi Axborot xizmati.