Uchrashuvda siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, madaniy-gumanitar hamkorlikning hozirgi holati va uni chuqurlashtirishning istiqbollari koʻrib chiqildi.

Tomonlar kutilayotgan oliy darajadagi tashrif chogʻida imzolanishi rejalashtirilgan ikki tomonlama hujjatlar va hukumatlararo bitimlarni ishlab chiqishning borishini muhokama qildilar. Shuningdek, ular tadbir kun tartibidagi barcha yoʻnalishlar borasida kelishuvlarga erishish hamda barcha masalalar yuzasidan yakdil fikrga kelish uchun bor boʻlgan imkoniyatlarni safarbar etishga oʻzaro tayyor ekanliklarini bildirdilar.

Ikki tomonlama munosabatlarda savdo-iqtisodiy sheriklikni mustahkamlash va sanoat kooperatsiyasini kengaytirish masalalari umumiy ustuvorlikka ega ekanligi aytib oʻtildi. Shu munosabat bilan ikki mamlakatning tegishli vazirlik va idoralari oʻrtasidagi oʻzaro hamkorlikning birinchi darajali vazifalari hamda oʻzbek va tojik biznes jamoalari vakillari oʻrtasida bevosita aloqalarni yoʻlga qoʻyish chora-tadbirlari muhokama qilindi. Oʻzaro manfaatli qoʻshma loyihalar va savdo shartnomalarini amalga oshirish boʻyicha kelishuvlarni nazarda tutgan holda oliy darajadagi tashrif kun tartibini amaliy mazmun bilan toʻldirishga oid navbatdagi tadbirlar belgilandi.

Madaniy-gumanitar sohada faol hamkorlikni davom ettirish boʻyicha kelishuvga erishildi. Xususan, madaniyat, sanʼat, fan arboblari, shuningdek, ikki mamlakat yoshlarining Oʻzbekiston va Tojikiston hududlariga oʻzaro safarlarini tashkil etishga kelishib olindi. Ikki davlatning Toshkent, Samarqand, Termiz, Dushanbe, Xoʻjand, Penjikent va boshqa yirik shaharlari oʻrtasida avtobus qatnovini qayta tiklash istiqbollari muhokama qilindi. “Ipak yoʻli” sayyohlik brendini ilgari surish va “ziyorat – turizm”ni rivojlantirish loyihalarini amalga oshirish boʻyicha birgalikda ish olib borish toʻgʻrisida kelishuvga erishildi.

Shuningdek, tomonlar Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Shanxay hamkorlik tashkiloti va boshqa xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar doirasidagi hamkorlikni rivojlantirishga kelishib oldilar.

Uchrashuv yakunlari boʻyicha tomonlar muhokama etilgan hamkorlik yoʻnalishlari doirasida navbatdagi tadbirlarni belgilab oldilar, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.