Oʻzbekiston -Tojikiston parlamentlararo aloqalari muhokama etildi

    Oʻzbekiston Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Narbayeva Osiyo xotin-qizlari forumi doirasida Tojikiston Majlisi Oli Majlisi namoyandagon Raisi oʻrinbosari Mavsuma Muini bilan uchrashuv oʻtkazdi.

    Uchrashuvda tomonlar doʻstona va samimiy ruhdagi ikki davlat hamkorligi natijasida koʻplab sohalar rivojlanayotganiga, ayniqsa, parlamentlararo aloqalar yangi bosqichga koʻtarilganini alohida taʼkidladilar.

    Shuningdek, Mavsuma Muini Oʻzbekiston tashabbusi bilan ilk marotaba tashkil etilgan Osiyo xotin-qizlari forumining ahamiyati va uning jahon hamjamiyatida tutgan oʻrnini taʼkidlab, albatta, ushbu forumda muhokama etilgan masalalar barcha davlatlar uchun samarali yechimlarni ishlab chiqishda dasturul amal boʻlishiga ishonch bildirdi.

    Bundan tashqari, tomonlar ikki xalqning anʼanalari, urf-odatlari oʻxshashligidan kelib chiqib, madaniy hamkorlikni rivojlantirishga eʼtibor qaratdilar. Bu oʻz navbatida oʻzbek va tojik xalqlarini bir-biriga yanada yaqinlashtirishda muhim vosita boʻlishi alohida qayd etildi, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.