Uchrashuvda “Vatan Danışmanlık” konsalting kompaniyasi vakillari mehnat migratsiyasi sohasida ikki tomonlama aloqalarni oʻrnatishdan manfaatdor ekanini bildirdi.
Xususan, avtomobillar va maishiy texnikalar uchun ehtiyot qismlar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan, Oʻzbekiston fuqarolarini ish bilan taʼminlash masalasini muhokama qilishga tayyor Turkiyaning yirik zavod va fabrikalari bilan muzokaralar oʻtkazilgani qayd etildi.
Shu bilan birga, kompaniya tomonidan ish izlovchi va ish beruvchilar oʻrtasida onlayn vositachilik xizmatlarini koʻrsatadigan maxsus platforma ishga tushirilgan.
Yaqin kunlarda turk, oʻzbek va ingliz tillarida xuddi shunday platforma ish boshlaydi. Unda Turkiyaning 140 mingdan ortiq ish beruvchi tashkilotlari maʼlumotlari va ishlash istagidagi shaxslarning soʻrovnomalari bazasi mavjud boʻladi. Uchrashuvda mazkur maʼlumotlar bazasiga Oʻzbekiston fuqarolarini ham kiritishga kelishib olindi.
Kelishuvga koʻra, kompaniya doimiy ravishda faol ish beruvchilar maʼlumotlar bazasini toʻplaydi va yangilaydi. Belgilangan tartibda Oʻzbekiston mehnat bozorida ishchilarni izlaydi, nomzodlarning tajribasi va vazifaga muvofiqligini tekshiradi. Bundan tashqari, kompaniya Oʻzbekiston fuqarolari uchun kerakli hujjatlarni tayyorlash, ishlash va yashash uchun ruxsatnomalar hamda sugʻurta olishda yordam beradi.
Shuningdek, kompaniya ish beruvchilar talablariga muvofiq, xodimlarni onlayn oʻqitish, aniq yoʻnalishlar boʻyicha oʻquv dasturlarini ishlab chiqishni rejalashtirmoqda. Kompaniya yurist va menejerlari belgilangan mezonlarga muvofiq mutaxassislarni tanlaydi, ularning bilimi va malakasi tekshiradi, mehnat shartnomalarini tuzadi.
“Vatan Danışmanlık” vakillari mehnat migratsiyasi sohasidagi hamkorlikni mustahkamlash, Oʻzbekiston mehnat bozorini oʻrganish maqsadida mamlakatimizga tashrif buyurish istagini bildirdi.