Uchrashuv avvalida mehmonlarga Oʻzbekistonda soʻnggi yillarda barcha sohalarda olib borilayotgan ijtimoiy-siyosiy islohotlar haqida soʻzlab berildi.
Oʻz navbatida, O.Mesten hozirgi paytda ikki davlat oʻrtasida parlamentlararo, siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, madaniy-gumanitar va boshqa sohalarda anʼanaviy doʻstlik va sherikchilikka asoslangan hamkorlikni rivojlantirishga imkon beradigan konstruktiv va ochiq munosabat oʻrnatilganini taʼkidladi.
Turkiy davlatlar orasida Oʻzbekistonning oʻziga xos oʻringa egaligi, Markaziy Osiyo davlatlari orasida ham nufuzi, madaniy meroslarga boyligi bilan muhim ahamiyatga ega ekani, Turkiya Oʻzbekistonni qatʼiy va ishonchli sherik sifatida bilishini bildirdi.
O.Mesten 10-11-noyabr kunlari Samarqand shahrida boʻlib oʻtgan Turkiy davlatlar tashkiloti sammiti haqida toʻxtalar ekan, uning aynan A.Temur, Imom al-Buxoriy kabi buyuk tarixiy shaxslarning yurti Samarqand shahrida oʻtkazilishi turkiy dunyo qardosh xalqlarining oʻzaro aloqalarini yanada mustahkamlashda ramziy maʼnoga egaligini qayd etdi.
Uchrashuvda ikki mamlakat parlamentlari oʻrtasidagi aloqalarni yanada rivojlantirish, Oʻzbekiston va Turkiya oʻrtasida oliy darajada erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish maqsadida joriy yil dekabr oyida “Doʻstlik guruhlari”ning onlayn uchrashuvi hamda 2023-yilning birinchi choragida “Turkiya-Oʻzbekiston” parlamentlararo guruhining Oʻzbekistonga tashrifini amalga oshirish masalalari ham muhokama etildi.
Tomonlar qardosh xalqlarimiz farovonligi va manfaatlari yoʻlida hamkorlikni har tomonlama rivojlantirish, Oʻzbekiston va Turkiya oʻrtasidagi anʼanaviy doʻstlik va strategik sheriklik munosabatlarini mustahkamlash borasida intilishlari qatʼiy ekanini tasdiqladi, deb xabar beradi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi matbuot xizmati.
Uchrashuv doʻstona va konstruktiv ruhda oʻtdi.