Turk mutaxassislarining yurtimizga kelib davolash va profilaktika jarayonlarida ishtirok etishi, onlayn maslahatlashuvlar orqali bilim hamda tajriba almashishi, COVID-19ga qarshi himoya vositalari, tibbiy jihozlar, dori-darmonlar hamda 200 ming doza “Sinovac” vatsinasi taqdim etilishi shular jumlasidan.

Oʻzbekiston Sogʻliqni saqlash vazirligida Turkiyaning mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Olgan Bekar bilan boʻlib oʻtgan uchrashuvda oʻtgan davrda tibbiyot sohasidagi oʻzaro hamkorlik natijalari hamda kelgusidagi rejalar muhokama etildi, deya xabar beradi Sogʻliqni saqlash vazirligi Matbuot xizmati.

Qayd etilganidek, sogʻliqni saqlash va farmatsevtika sohalarida Oʻzbekiston-Turkiya forumi oʻtkazilib, tibbiyot muassasalarimiz oʻrtasida hamkorlik boʻyicha 10 ta shartnoma imzolangani bugun oʻz amaliy samaralarini bermoqda.

Qolaversa, Turkiya hamkorlik va muvofiqlashtirish agentligi (TIKA) koʻmagida joylarda bemorlar uchun tibbiy koʻriklar tashkil etilib, ularda murakkab jarrohlik amaliyotlari oʻtkazilayotgani oʻzaro munosabatlarning yana bir muhim yoʻnalishidir.

Shuningdek, tibbiy taʼlim sohasida ham aloqalarimiz kengaymoqda. Mutaxassislarimiz Turkiyaning nufuzli klinikalarida malaka oshirib qaytishmoqda. Buxoro tibbiyot instituti negizida Turkiya Tibbiyot fanlari universiteti bilan tashkil etilgan qoʻshma fakultet faoliyat koʻrsatmoqda.

Uchrashuvda elchi janoblari Turkiya tomoni Oʻzbekiston bilan sogʻliqni saqlash sohasida hamkorlikni yanada izchil va yuqori surʼatda davom ettirishga tayyor ekanligini qayd etib, yangi qoʻshma loyihalarni roʻyobga chiqarishga doir taklif va mulohazalarini bayon etdi.