Shu davr mobaynida ikki mamlakat oʻrtasida tovar ayirboshlash deyarli uch barobarga oʻsgani ham buning isbotidir. 2021-yilning 29-31-mart kunlaridagi Vengriya Bosh vaziri Viktor Orbanning mamlakatimizga tashrifi ham ikki davlat oʻrtasidagi aloqalarda yangi davr boshlanganining yaqqol ifodasi boʻldi. Oliy darajadagi uchrashuvlar chogʻida koʻp qirrali sheriklikni kengaytirishga qaratilgan 10 dan ortiq hujjat imzolandi. Xususan, oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berish va farmatsevtika kabi sohalarda aniq loyihalarni amalga oshirishga kelishib olindi. 

Ayni paytda iqtisodiyot, energetika, taʼlim va kadrlar tayyorlash, madaniyat, hududlararo hamkorlik, bandlik va mehnat yoʻnalishlari qatorida tibbiyot sohasida ham  ikki tomonlama munosabatlarni yanada kengaytirishga qaratilgan kelishuvlarga erishilgan. Koronavirus bilan bogʻliq qiyin epidemiologik vaziyatda ham ikki davlat bir-birini qoʻllab-quvvatlab kelmoqda. Bu hamkorlikning mustahkam asoslari borligi barcha sohalar qatori tibbiyot yoʻnalishida ham manfaatli sheriklikni rivojlantirishga asosiy omil boʻlib xizmat qiladi.

Kuni kecha poytaxtimizning “International Hotel Tashkent” mexmonxonasida shu ikki tomonlama rivojlanib borayotgan hamkorlikning keyingi istiqbollariga bagʻishlangan konferensiya boʻlib oʻtdi. Unda Sogʻliqni saqlash vaziri oʻrinbosari Elmira Basitxanova va Vengriyaning Oʻzbekistondagi elchixonasi xodimlari ishtirok etdi.

Tadbirda 120-yilligi nishonlanayotgan Vengriyaning nufuzli “Gedeon Rixter” kompaniyasining faoliyatiga ham toʻxtalib oʻtildi. 25 yil avval Oʻzbekistonda oʻz ishini boshlagan mazkur yirik shirkatning keyingi faoliyati ham Oʻzbekiston-Vengriya hamkorligining yorqin ifodasi boʻlib qolishi shubhasiz. 

Tadbir yakunida shirkatning yurtimizdagi vakolatxonasi rahbari Xurshid Ahrorov esdalik sovgʻalar bilan taqdirlandi, deb xabar beradi Sogʻliqni saqlash vazirligi matbuot xizmati.