Oʻzbek va venger xalqlarini mushtarak tarixiy ildizlar, yaqin hamkorlik rishtalari bogʻlab keladi. Soʻnggi toʻrt yil ichida Oʻzbekiston va Vengriya oʻrtasidagi oʻzaro tovar ayirboshlash hajmi salkam uch barobar oʻsdi. Hatto murakkab pandemiya sharoitiga qaramay, 2020-yilda ham ushbu ijobiy dinamika saqlab qolindi.
Kuni kecha Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban boshchiligidagi delagatsiyaning mamlakatimizga tashrifi juda samarali yakunlanganini alohida taʼkidlash lozim. Pandemiyaga qaramay, Vengriyadan shunday katta delegatsiyaning Oʻzbekistonga kelgani ikki yurt oʻrtasida oʻzaro hurmat darajasi yuqori ekanidan dalolat beradi. Vengriya ham, Oʻzbekiston ham oʻzaro hamkorlikni kengaytirishdan manfaatdor ekani tashrif davomida har qadamda yaqqol sezilib turdi.
Vengriya bilan hamkorlikning mamlakatimiz uchun nechogʻli muhim ahamiyati toʻgʻrisida Prezidentimiz quyidagilarni alohida taʼkidladi: “Maqsadimiz - mamlakatlarimiz oʻrtasida savdo muvozanatini tiklash, oʻzaro savdo hajmini hozirgi koʻrsatkichlardan ikki-uch barobarga oshirish. Vengriyaga toʻqimachilik mahsulotlari yetkazib berish, oʻz navbatida, farmatsevtika, qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini xarid qilishga tayyormiz. Budapesht shahrida Oʻzbekiston savdo uyi ochilishi bu borada dadil qadam boʻladi”.
Tashrif doirasidagi muzokaralar jarayonida turli yoʻnalishlarda, xususan, siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, moliyaviy-texnik va madaniy-gumanitar sohalardagi munosabatlarni rivojlantirish istiqbollari keng muhokama qilindi. Tomonlar ikki mamlakat bozorlariga mahsulotlar yetkazib berishni kengaytirish, sanoat kooperatsiyasini kuchaytirish, oliy taʼlim, sport, farmatsevtika, qishloq xoʻjaligi, chorvachilik, baliqchilik, kartoshkachilik va boshqa sohalarda aniq loyihalarni amalga oshirishga kelishib oldilar.
Muzokaralar yakunida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev va Bosh vazir Viktor Orban tomonidan ikki mamlakat oʻrtasidagi strategik sheriklik toʻgʻrisidagi qoʻshma deklaratsiya, shuningdek, turli vazirlik va idoralar oʻrtasida koʻp qirrali sheriklikni kengaytirishga qaratilgan 10 dan ortiq hujjatning imzolanishi kelgusi hamkorlik uchun qulay imkoniyatlar yaratilayotganidan dalolat beradi.
Xullas, Viktor Orban boshchiligidagi delagatsiyaning mamlakatimizga tashrifi doirasida oʻzbek-venger aloqalarini chuqurlashtirish va yuqori darajaga koʻtarish sari muhim qadam qoʻyildi. Oʻzaro munosabatlarda misli koʻrilmagan ijobiy oʻzgarishlar sodir boʻldi. Sh.Mirziyoyev va V.Orbanning bevosita saʼy-harakatlari va siyosiy irodasi tufayli oʻzaro munosabatlarda yangi sahifa ochildi. Endilikda erishilgan ahdlashuvlarning toʻla-toʻkis bajarilishini taʼminlash lozim. Bu vazifa biz, deputatlarning zimmamizga ham katta masʼuliyat yuklaydi. Zero, oʻzbek-venger strategik hamkorligi kelgusida ikki xalqni bir-biriga yana-da yaqinlashtirish, turli sohalarda hamkorlikni kengaytirish, mamlakatimiz taraqqiyotini yuksaltirishga xizmat qiladi.
Qodir JOʻRAYEV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi
Xalqaro ishlar va parlamentlararo aloqalar qoʻmitasi raisi oʻrinbosari