Uchrashuv davomida Oʻzbekiston-Xitoy munosabatlarining bugungi holati va istiqbollari, jumladan, parlamentlararo muloqotni yanada faollashtirish masalalari muhokama qilindi.

Li Xuey Oʻzbekiston Prezidenti Sh.Mirziyoyev rahbarligida amalga oshirilayotgan islohotlarga yuksak baho berdi.

Oʻzbekiston va Xitoy oʻrtasidagi ikki tomonlama hamkorlik doʻstona, oʻzaro manfaatli xususiyat kasb etishi taʼkidlandi. Xalqaro kun tartibidagi asosiy masalalar boʻyicha tomonlar pozitsiyalarining mos kelishi yoki yaqinligi hamkorlikning rivojlanishiga koʻmaklashmoqda. Ikki mamlakat oʻrtasida oliy darajada muntazam siyosiy muloqot olib borilmoqda.

Uchrashuvda parlamentlararo hamkorlikni mustahkamlash, shuningdek, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar va boshqa sohalarda oʻzaro manfaatli yaqin aloqalar oʻrnatish boʻyicha kelishuvga erishildi.

Oʻz navbatida, tomonlar Oʻzbekiston va Xitoy oʻrtasida diplomatik munosabatlar oʻrnatilganining 30 yilligi doirasida tashkil etilgan ushbu tashrif doʻstona munosabatlar, shuningdek, mamlakatlarimiz qonun chiqaruvchi organlari oʻrtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlashga kuchli turtki berishini taʼkidladi.

Uchrashuvda oʻzaro qiziqish uygʻotgan boshqa masalalar ham muhokama qilindi, deya xabar beradi Oliy Majlisi Senatining Axborot xizmati.