Oʻzbekiston -Xitoy hamkorligini yanada rivojlantirish istiqbollari muhokama etildi

    Joriy yil 16-aprelda Pekin shahrida Oʻzbekiston -Xitoy Hukumatlararo qoʻmitasining Xavfsizlik sohasida hamkorlik boʻyicha kichik qoʻmitasining sakkizinchi yigʻilishi hamda ikki mamlakat tashqi ishlar vazirliklari oʻrtasidagi siyosiy maslahatlashuvlarning navbatdagi davrasi boʻlib oʻtdi.

    TIV maʼlumotiga koʻra, delegatsiyalarga Oʻzbekiston va Xitoy tashqi siyosat idoralari rahbarlari oʻrinbosarlari Bobur Usmanov va Sun Veydun boshchilik qildi.

    Muzokaralar chogʻida Oʻzbekiston -Xitoy hamkorligining holati va uni yanada rivojlantirish istiqbollari muhokama etildi. 2024-yilda Xitoyga tashkillashtirilgan davlat tashrifi yakunlari boʻyicha erishilgan kelishuvlarni amalga oshirishni jadallashtirishga alohida eʼtibor qaratildi.

    Xitoy tomoni Oʻzbekistonda davlat boshqaruvi va qonunchilik sohasini takomillashtirish, milliy iqtisodiyotni liberallashtirish va modernizatsiya qilish borasida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlarni yuqori baholadi.

    Uchrashuvda siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, harbiy va madaniy-gumanitar sohalarda hamkorlikni mustahkamlash uchun mavjud salmoqli salohiyatni roʻyobga chiqarishdan oʻzaro manfaatdorlik tasdiqlandi.

    Madaniy-gumanitar va turistik almashinuvlarini faollashtirish boʻyicha takliflar koʻrib chiqildi.

    BMT va boshqa xalqaro institutlar doirasidagi oʻzaro hamkorlik masalalariga alohida eʼtibor qaratildi. Shuningdek, xalqaro va mintaqaviy siyosatning dolzarb jihatlari yuzasidan fikr almashildi, deb xabar beradi “Dunyo” AA.