O'zbekiston 2021 yilda masofaviy o'qitishga tayyorlanmoqda

    Ta'lim 5 Iyun 2020 5783

    O'zbekiston Xalq ta'limi vazirligi 2021 yilda maktablarda masofadan turib o'qitishni amalga oshirishga tayyorlanmoqda.

    2020 yil 1 sentyabrga qadar televizion videodarslardan foydalanishda o'quvchi, o'qituvchi va ota-onalarga qulaylik yaratish maqsadida www.maktab.uz platformasi yaratiladi va umumta'lim muassasalar tizimida yagona markazlashgan virtual (onlayn) maktab sifatida tatbiq etiladi. www.maktab.uz platformasi vazirlik tomonidan e'lon qilingan hukumat qarori loyihasi asosida yaratilmoqda.

    Hujjatga ko'ra, doimiy ravishda ishlaydigan telestudiyaning Milliy teleradiokompaniyasi bazasida "Onlayn maktab" loyihasini yaratish rejalashtirilgan. Loyiha doirasida jalb etiladigan o'qituvchilarga har bir televizion videodars va videomashg'ulotlar uchun (asosiy ish haqidan tashqari) bazaviy hisoblash miqdorining 25 foizi miqdorida, muharrir va surdopedagoglarga har bir ishlagan kuni uchun bazaviy hisoblash miqdorining 50 foizi miqdorida qo'shimcha haq to'lash taklif etilmoqda.

    Maktab.uz portalini rivojlantirish maqsadida mazkur portalni mobil aloqa operatorlari tomonidan doimiy ravishda beg'araz targ'ibot ishlari (mijozlarga SMS xabarlar orqali va qo'shimcha xizmat tariqasida) olib borish taklif etilmoqda.

    Ushbu platformani yaratish orqali mamlakatda koronavirus pandemiyasi tufayli boshlangan masofaviy ta'limni takomillashtirish rejalashtirilgan.