Oʻzbekiston 2025-yilgi “ FIDE Grand Swiss” turniriga mezbonlik qiladi

    Sport 11 Iyul 2025 1483

    Shu yilning 3-16-sentyabr kunlari Samarqand shahrida erkaklar va ayollar oʻrtasida “FIDE Grand Swiss-2025” turniri boʻlib oʻtadi.

    “Dunyo” AAning xabar berishicha, xalqaro shaxmat federatsiyasi maʼlumotiga koʻra, ushbu nufuzli musobaqa boy shaxmat merosiga ega, jahon shaxmat hamjamiyatida taʼsiri tez oʻsib borayotgan Oʻzbekistonda ilk bor oʻtkazilishi bilan dunyo eʼtiboridagi tadbir hisoblanadi.

    “FIDE Grand Swiss” xalqaro shaxmat taqvimidagi asosiy musobaqalardan biri boʻlib, sportchilarga jahon toji daʼvogarlari turnirlariga ishtirok etish uchun toʻgʻridan-toʻgʻri yoʻl ochadi. Jumladan, mazkur musobaqa yakunlariga koʻra, eng yaxshi ikki shaxmatchi 2026-yilgi jahon toji uchun kechadigan turnirga yoʻllanma oladi.

    Turnirning mukofot jamgʻarmasi 625 ming AQSH dollarga koʻtarildi. Bu, avvalgi turnirlarga nisbatan 36 foizga oshganidan dalolat. Ayollar mukofot jamgʻarmasi esa 140 ming dollardan 230 ming dollarga, yaʼni 64 foizga oshirildi. Shveysarcha tizimda oʻtkaziladi ikkala turnir ham 11 raunddan iborat. Unda dona suradigan ishtirokchilar soni 172 nafarni tashkil etishi kutilmoqda.

    Unda qatnashadigan 116 nafar ishtirokchidan 101 nafari reyting boʻyicha tanlab olinadi, qolgan oʻrinlar qitʼa vakillari, FIDE maxsus taklifnomasi asosida va mahalliy tashkilotchi oʻrtasida taqsimlanadi.

    Musobaqa kuchlilari orasida hindistonlik yosh grossmeysterlar Arjun Erigaysi (21 yosh) va oʻsmirlar oʻrtasidagi jahon chempioni Gukesh Dommaraju (19 yosh) birinchi va ikkinchi oʻrinni egallab turibdi. Hamyurtimiz Nodirbek Abdusattorov (20 yosh) uchinchi oʻrinda qayd etilgan. Kuchli beshlikni Pragnanandxa Rameshbabu (19 yosh) va Alirizo Firuzja (22 yosh) yakunlagan.

    Kuchli oʻntalikning qolgan qismini esa yanada tajribali grossmeysterlar – ikki marotaba jahon chempionligiga daʼvogarlik qilgan Yan Nepomnyashiy, Anish Giri, Shahriyor Mamedyarov, Levon Aronyan va Vladimir Fedoseyev band etgan.

    Kengaytirilgan yoshlar guruhiga dunyoning TOP-20 reytingiga kiruvchi Hans Niyemann (22 yosh), Vinsent Kaymer (20 yosh), Javohir Sindarov (19 yosh), Nihal Sarin (20 yosh) va Evonder Lyan (22 yosh) kiritilgan.

    Maxsus taklifnoma asosida jahon chempionligiga sobiq daʼvogar Boris Gelfand va ayollar oʻrtasida chempionlikka sobiq daʼvogar Aleksandra Goryachkina turnirda ishtirok etishi kutilmoqda.

    2024-yil iyuldan 2025-yil iyungacha kamida 30 ta klassik shaxmat partiyasini oʻynashni talab qilinadigan qoida tufayli, bir qator mashhur shaxmatchilar, jumladan, ikki nafar sobiq jahon chempioni Magnus Karlsen va Vishvanatan Anand, shuningdek, avvalgi “FIDE Grand Swiss” ishtirokchilari Le Kuang Lyem va Piter Svidlerni roʻyxatdan chiqarildi.

    Jahon chempioni Din Lijen reyting boʻyicha yoʻllanma olganiga qaramay, turnirda qatnashmaydi. Avvalgi uchta “FIDE Grand Swiss” musobaqasida qatnashgan Fabiano Karuana ham Samarqandga kelmasligi maʼlum boʻldi. Chunki u allaqachon “FIDE Circuit 2024” musobaqasida gʻolib chiqib, 2026-yilgi jahon toji daʼvogarlari turniriga yoʻllanmani qoʻlga kiritgan.