Yurtimizning kelgusi besh yillik taraqqiyotiga daxldor boʻlgan ushbu hujjat keng jamoatchilik muhokamasidan oʻtkazilib, aholimizning fikr-mulohazalari asosida takomillashtiriladi.
Parlament vakillarini ham bu jarayonda oʻz takliflari bilan faol ishtirok etishga chaqiraman», – dedi Prezidentimiz.
Kelgusi yilda maʼnaviyat sohasi yanada rivojlantirilib, ijtimoiy-madaniy hayotimizdagi muhim sanalar keng nishonlanishi taʼkidlandi.
Jumladan, barcha yutuq va gʻalabalarimizning poydevori boʻlgan Vatanimiz mustaqilligining shonli 35-yilligi katta bayram sifatida oʻtkaziladi. Sohibqiron Amir Temur, Mir Alisher Navoiy bobolarimizning qutlugʻ tavallud ayyomlariga tayyorgarlikni hozirdan boshlash kerakligi qayd etildi.