Prezident Afg'onistondagi hozirgi holatga baho berib uni hal etishga qaratilgan ustuvor vazifalarni belgilab berdi.
Shavkat Mirziyoyev bugun Afg'onistonda yangi voqelik shakllangani va toliblarning hokimiyatga kelgani bu amalga oshib bo'lgan fakt ekanini ta'kidladi. Shu munosabat bilan O'zbekiston Prezidenti Afg'onistondagi vaziyatga nisbatan yagona yondashuvni ishlab chiqish muhimligini aytib o'tdi.
Yangi Afg'on hukumati bilan o'zaro aloqalarda quyidagi asosiy tamoyillarga amal qilish muhimligi ta'kidlandi:
1) Afg'on jamiyatining barcha qatlamlarining davlat boshqaruvida keng ishtirokini ta'minlash;
2) Afg'onistonning terrorizm va narkobiznes tahdidalri manbaiga aylanishiga yo'l qo'ymaslik;
3) ayollar va etnik ozchilik huquqlarini ta'minlash.
O'zbekiston rahbari sammit ishtirokchilari e'tiborini Afg'onistonda yuzaga kelishi mumkin bo'lgan gumanitar inqirozning oldini olishga qaratdi. Shavkat Mirziyoyev Afg'onistonga ijtimoiy va iqtisodiy yordamni davom ettirish, shuningdek, xorijiy banklarda joylashgan davlat aktivlariga o'rnatilgan cheklovlarni echishni ko'rib chiqish kerakligini ta'kidladi.
O'zbekiston Prezidenti Afg'onistondagi vaziyatni tinch yo'l bilan hal etish masalalarini atroflicha muhokama qilish maqsadida SHHT doirasida yuqori darajadagi doimiy uchrashuvlarni o'tkazish tashabbusini ilgari surdi va uning birinchi yig'ilishini Toshkentda tashkil etishni taklif qildi.
O'zbekiston Respublikasi Prezidentining Afg'onistondagi vaziyat bo'yicha qarashlarini o'rganish natijasida, uning strategik, chuqur tahlil va tushunishga asoslanganligini ko'rishimiz mumkin.
Birinchidan, Afg'onistondagi hozirgi hokimiyatni inkor etish vaziyatni yanada keskinlashtirib, gumanitar inqirozning paydo bo'lishi, terroristik tashkilotlar faoliyatining kuchayishi, yangi fuqarolar urushi boshlanishi, turli manfaatlarni ko'zlagan alohida davlatlar guruhlari shakllanishiga olib kelishi mumkin. Bularning barchasi esa Afg'onistonda tinchlik o'rnatilish istiqbolini ortga suradi.
Ikkinchidan, inklyuziv siyosiy jarayonni ta'minlash, umummilliy kelishuvga erishish, mavjud savdo-iqtisodiy, transport, logistika va energetika aloqalarini saqlab turishda Afg'onistondagi yangi hokimiyat bilan aloqa o'rnatish muhim. Buni tushungan Afg'onistondagi vaziyatni hal etishda ishtirok etayotgan aksariyat mintaqa va dunyodagi etakchi davlatlar oldin "Tolibon" harakatiga qarshi bo'lishiga qaramay toliblar bilan aloqa o'rnatishga kirishmoqda.
Uchinchidan, SHHT doirasidagi yuqori darajadagi muntazam aloqalar afg'on muammosining amaliy hal qilinishiga katta ta'sir ko'rsatishi mumkin. Bu borada SHHT – Afg'onistonda tinchlik va barqarorlik o'rnatilishidan manfaatdor bo'lgan barcha davlatlar ishtirok etadigan yagona tashkilot hisoblanadi.
Agar Markaziy Osiyo davlatlari, Rossiya, Xitoy, Hindiston, Pokiston SHHTning a'zosi hisoblansa, eron kuzatuvchi va Turkiya muloqot bo'yicha sherik maqomiga ega.
Qolaversa yuqorida sanab o'tilgan davlatlar bugungi kunda Afg'onistonning asosiy iqtisodiy hamkorlari hisoblanadi (umumiy savdo hajmining 83 foizi) va enegetika xavfsizligini ta'minlaydi (import qilinadigan elektr energiyaning 80 foizi).
Umuman olganda, O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Afg'oniston bo'yicha tashabbus va takliflari O'zbekiston Afg'oniston bilan do'stona va yaxshi qo'shnichilik munosabatlarini rivojlantirishga qat'iiy sodiqligini, afg'on inqirozining hal etilishidan manfaatdorligini, Afg'onistonda uzoq muddatli va barqaror tinchlik o'rnatilish tarafdori ekanligini yana bir bor namoyish etadi.
Baxtiyor MUSTAFOEV,
Markaziy Osiyo xalqaro instituti direktori o'rinbosari