Oʻzbekiston afgʻonistonlik xotin-qizlarni zaruriy kasblarga oʻqitish ishlarini davom ettirishga tayyor — Saida Mirziyoyeva

    Ta'lim 10 Sentabr 2024 565

    Qatarda taʼlimni tajovuzlardan himoya qilish xalqaro kuni munosabati bilan davra suhbati uyushtirildi. Unda Prezident yordamchisi Saida Mirziyoyeva ham ishtirok etdi.

    Saida Mirziyoyeva telegram sahifasida Oʻzbekiston taʼlim sifatiga, ayniqsa, qizlar va ayollarning bilim egallashiga katta eʼtibor qaratilayotganini, ayniqsa, bu borada yurtimiz sarhadlari bilan cheklanib qolmayotgani haqida fikr bildirdi. Jumladan, Prezidentimiz tashabbusi bilan 2018-yili Termiz shahrida ochilgan kasb-hunar taʼlimi markazida hozirga qadar 700 nafarga yaqin Afgʻoniston fuqarosi tahsil olgani, ulardan 200 nafari – xotin-qizlar ekanini maʼlum qildi.

    “Afgʻonistonlik ayollar uchun bu juda muhim – mamlakatda ona va bola salomatligini muhofaza qilish sohasida malakali tibbiy kadrlar yetishmovchiligi kuzatiladi. Biz gumanitar inqirozning oldini olish yoʻlida afgʻonistonlik qizlar va ayollarni zaruriy kasblarga oʻqitish ishlarini davom ettirishga tayyormiz. Qatar hukumati va «Education Above All” jamgʻarmasi boʻlsa, bu borada bizga yordam berishga shay. Mavjud vaziyatni inobatga olsak, bu vazifani uddalash barcha tomonlar uchun oson boʻlmaydi. Lekin biz bu yoʻlda bor kuch-quvvatimizni ishga solishga tayyormiz. Xotin-qizlar uchun eng yaxshi himoya — taʼlim olish imkoniyatidan emin-erkin foydalanishdir.« deb yozadi Saida Mirziyoyeva.