Xususan, “Bakhtar News” axborot agentligining internet sahifasida eʼlon qilingan Oʻzbekiston va Afgʻoniston oʻrtasida madaniy aloqalarni yana-da rivojlantirish boʻyicha ikki tomonlama amalga oshirilayotgan saʼy-harakatlarga bagʻishlangan maqolada aytilishicha, Afgʻoniston axborot va madaniyat vaziri vazifasini bajaruvchi Tohir Zuhayr Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Afgʻoniston boʻyicha maxsus vakili Ismatulla Ergashev bilan birgalikda Qobuldagi Zahiriddin Muhammad Bobur bogʻ-muzeyiga tashrif buyurgan.
Oʻzbekiston delegatsiyasi aʼzolarining Bobur bogʻ-muzeyiga tashrifi davomida ularga Afgʻoniston rasmiy vakillari hamrohlik qilgan. Suhbat davomida asosiy diqqat-eʼtibor madaniy sohada ikki tomonlama hamkorlik aloqalari istiqbollariga qaratildi.
Bundan tashqari, Oʻzbekiston delegatsiyasi oʻzaro madaniy aloqalarni rivojlantirish va Alisher Navoiy maqbarasini taʼmirlash ishlari bilan yaqindan tanishish maqsadida Hirot shahrida boʻlgani ham xabar qilingan.
Oʻzbekiston delegatsiyasi rahbari mamlakatimiz Alisher Navoiy maqbarasini taʼmirlash va uning atrofini obodonlashtirish boʻyicha Afgʻonistonning mutasaddi tashkilotlari bilan hamkorlik qilishga tayyorligini bildirgan. Shu oʻrinda 2021-yil Alisher Navoiyning 580-yillik yubileyi Oʻzbekistonda keng miqyosda nishonlanishi maʼlum qilingan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Afgʻoniston boʻyicha maxsus vakili ikki mamlakat oʻrtasidagi doʻstona, tarixiy va madaniy munosabatlarga eʼtibor qaratar ekan, Oʻzbekiston va Afgʻoniston Prezidentlari turli sohalarda, jumladan iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy va madaniy yoʻnalishlarda hamkorlik aloqalarini yana-da kengaytirish uchun saʼy-harakatlar qilayotganini taʼkidlagan.
“Shu oʻrinda, Oʻzbekiston Respublikasi Afgʻonistondagi tinchlik jarayonini hamda mamlakatda barqaror tinchlik oʻrnatish boʻyicha barcha olib borilayotgan saʼy-harakatlarni qoʻllab-quvvatlashi bildirildi.
Oʻz navbatida, Afgʻoniston axborot va madaniyat vaziri vazifasini bajaruvchi Tohir Zuhayr Oʻzbekistonning ushbu jarayonlardagi muhim rolini taʼkidlab, Afgʻoniston xalqi va hukumati Oʻzbekiston bilan barcha sohalarda, jumladan madaniy sohada hamkorlik aloqalarini kun sayin kengayib borishidan manfaatdor ekanini bildirdi”, - deyiladi maqolada.
Shuningdek, maqolada Afgʻoniston tarixiy obidalarni qayta tiklash, xususan, Islom davri obidalarini taʼmirlashda Oʻzbekiston bilan hamkorlik oʻrnatishga qiziqish bildirgani ham taʼkidlangan.
Afgʻonistonda ingliz tilida bosiladigan «Daily Outlook Afghanistan» gazetasida chop etilgan boshqa bir xabarda esa Oʻzbekiston buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiyning Hirotdagi maqbarasini taʼmirlashda Afgʻonistonga yordam berishi aytiladi.
“Oʻzbekiston delegatsiyasi aʼzolari Afgʻonistonning Hirot shahriga safari davomida buyuk faylasuf, shoir va adib Alisher Navoiy maqbarasini taʼmirlashni rejalashtirilayotganini taʼkidlashdi.
Delegatsiyaning mazkur tashrifi davomida Alisher Navoiy qoldirgan shoh asarlar Afgʻoniston va Oʻzbekiston xalqlarining mushtarak madaniy merosi ekani va bu meros ikki davlatni bir-biri bilan bogʻlab turuvchi koʻprikligiga alohida urgʻu berilgan.
Shuningdek, Afgʻoniston axborot va madaniyat vazirligi rahbariyati Alisher Navoiyning 580-yillik yubileyini Oʻzbekiston tomoni bilan birgalikda nishonlashga tayyorligini bildirdi”, - deyiladi “Daily Outlook Afghanistan” tarqatgan xabarda.