“Expo-2020” butunjahon ko'rgazmasida so'nggi yillarda mamlakatimizning ilmiy va iqtisodiy yutuqlari, madaniy merosi va sayyohlik salohiyati, shuningdek, yangi O'zbekistonni rivojlantirish rejasi, mamlakatning investitsiya imkoniyatlari keng xalqaro jamoatchilikka namoyish etilayotgan O'zbekiston milliy pavil`oni o'z ishini amalga oshirmoqda. 

«Expo 2020 Dubai» jahon ko'rgazmasi 2022 yilning 31 martigacha bo'lgan davrda butun dunyo bo'ylab 25 millionga yaqin mehmonni qabul qilishi rejalashtirilgan.

Mona Ganem Al Marri, Dubay hukumati matbuot bo'limi bosh direktori, BAA gender balansi Kengashi vitse-prezidenti:

«EXPO 2020 Dubai» ko'rgazmasida 191 ta mamlakatning ishtiroki, zamonamizning eng muhim yutuqlarini namoyish qiluvchi hamda turli sohalardagi kashfiyotlarni birlashtiradigan haqiqiy global maydondir. Ushbu jahon ko'rgazmasi Birlashgan Arab Amirliklarining oltin yubileyini nishonlash yilida o'tkazilayotgani, mamlakatimizning milliy yutuqlarini, shuningdek, keyingi 50 yil va undan keyingi davrlarga mo'ljallangan rejalari haqida ramziy ma'noga ega. Yurtimiz oltin yubileyini nishonlash butun jahon bilan birgalikda amalga oshirilayotgani, albatta, bizni kelajakka ishonch bilan qarashga undaydi, chunki bizda kelajakni shakllantirish uchun tasavvur va imkoniyatlar mavjud. Biz O'zbekistonni mehmon sifatida qutlaymiz va Madaniyat va san'atni rivojlantirish jamg'armasi — ayniqsa, uning Dubaydagi tashabbuslari ishiga yuksak baho beramiz. Ushbu dastur va Milliy pavil`on mamlakatlarimiz o'rtasidagi ikki tomonlama hamkorlikni bir necha ustuvor yo'nalishlar bo'yicha mustahkamlamoqda hamda BAA va O'zbekiston rahbariyati hamda xalqlari o'rtasidagi hamjihatlikni aks ettiradi.

Gayane Umerova, Madaniyat va san'atni rivojlantirish jamg'armasi ijrochi direktori:

- Bu safargi “Expo-2020” jahon ko'rgazmasi ilk marotaba Yaqin Sharqda bo'lib o'tmoqda va «EXPO 2020 Dubai»da Madaniyat va san'atni rivojlantirish jamg'armasining ishtiroki, O'zbekistonning bebaho merosini, mamlakatimiz va arab dunyosi o'rtasidagi boy madaniy aloqalarni, asrlar davomida shakllangan Islom tsivilizatsiyasi haqida butun dunyoga so'z yuritishning noyob imkoniyatidir. Ushbu madaniy qatlamni asos qilib olgan holda, O'zbekistonni insoniyat manfaati uchun kelajakni yaratish, umumiy qadriyatlarni shakllantirishga yordam beradigan ilg'or fikrlash va ijodiy salohiyatga ega mamlakat sifatida yangicha tarzda taqdim etish biz uchun ham muhimdir.

2021 yil 27 noyabr`: «Dubai Opera» sahnasida «Lazgi – qalb va muhabbat raqsi» baletining xalqaro taqdimoti

Xalqaro auditoriyaga o'zbek xalqining asl an'analarini namoyish etgan Xorazm raqsining mutlaqo yangi talqini taqdim etiladi. "Lazgi – qalb va muhabbat raqsi" baletining sahnalashtirilishi O'zbekiston baletini yangi bosqichga olib chiqdi va ilk bor dunyo bo'ylab sayohatini boshlaydi. Birinchi marta O'zbekistonning eng mashhur raqslaridan biri, madaniy meros va tarixi «Dubay Opera» ko'p formatli San'at markazi sahnasida namoyish etiladi.

Uch ming yillik tarixga ega bo'lgan "Lazgi" raqsi sir va afsonalar bilan o'ralgan, qadimiy xalq donoligini ifodalaydi va uning nomi "Ruh va Sevgi" degan ma'nolarni anglatadi. 

Xoreograf Raymondo Rebek tomonidan sahnalashtirilgan hamda Alisher Navoiy nomidagi Davlat akademik katta teatri balet truppasi ijro etgan spektaklning ilk taqdimoti joriy yil 5 sentyabr` kuni Toshkentda, YUNESKO homiyligida bo'lib o'tdi hamda professional hamjamiyatning yuksak e'tirofi va bahosiga sazovor bo'ldi.

2019 yil 12 dekabr` kuni YUNESKOning nomoddiy madaniy merosni muhofaza qilish bo'yicha hukumatlararo qo'mitasi "Xorazm raqsi - Lazgi"ni insoniyatning nomoddiy madaniy merosi vakillik ro'yxatiga kiritdi. 

29 noyabr`: «EXPO 2020 Dubai» butunjahon ko'rgazmasi Ayollar pavil`onida O'zbekiston Respublikasining «Jamiyat ijtimoiy hayotini modernizatsiyalashda xotin-qizlarning o'rni» mavzusidagi sessiyasi

«Expo-2020» ko'rgazmasida Cartier Women’s Initiative bilan hamkorlikda maxsus Ayollar pavil`oni ochildi. Ushbu pavil`on ayollar va ularning global masalalardagi o'rniga bag'ishlangan. Ayollar pavil`oni – tajriba almashish va gender tengligini o'rnatish uchun ishlangan strategiyalarni ilgari surish uchun xalqaro maydonchadir. Birlashgan Arab Amirliklari gender balansi Kengashi raisi Manal bint Muhammad bin Rashid Al Maktum – bosh vazir o'rinbosari va prezident ishlari bo'yicha vazir Shayx Mansur bin Zoid Al Nahayanning rafiqasi tomonidan tashkillashtirilgan.

Ayollar pavil`oni – bu jamiyatda ayollarning rolini kuchaytirishni qo'llab-quvvatlash maqsadidagi konstruktiv muloqotlarni o'tkazish va rivojlantirish bo'yicha jahon etakchilari va mutaxassislarni uchrashtiradigan maydondir. Ushbu pavil`on “Expo-2020”ning gender tengligi va ayollarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirishga sodiqligini tasdiqlaydigan ijodiy kontent va dasturlarni taqdim etadi. SHuningdek, pavil`onda insoniyat tarixida va bugungi kunda ayollarning ahamiyatiga bag'ishlangan "Yangi istiqbollar" ko'rgazmasi namoyish etilmoqda.

Pavil`onning asosiy maqsadi — ayollarning gullab-yashnaganda butun insoniyat ham gullab-yashnashini ko'rsatishdir.

29 noyabr` kuni O'zbekiston Respublikasi ayollar pavil`oni dasturi doirasida "Jamiyatning ijtimoiy hayotini modernizatsiyalashda ayollarning o'rni" mavzusida muhokama qiladi. SHuningdek, keyingi oylarda Madaniyat va san'atni rivojlantirish jamg'armasi tomonidan "Madaniyat sohasida xotin-qizlarning o'rni" mavzusiga bag'ishlangan sessiya tashkil etiladi.

30 noyabr`: «Jubilee Park EXPO 2020» sahnasida pianino ijrochisi Behzod Abduraimovning kontsert dasturi

Pianino ijrochisi jamoatchilik e'tiboriga List, Betxoven, Shopen, Musorgskiy, Prokof`ev va Chaykovskiyning mashhur mumtoz asarlarini taqdim etadi. 

Londondagi xalqaro pianinochilar tanlovi g'olibi Behzod Abduraimov, V.A. Uspenskiy nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan musiqa litseyida va Kansas-Siti shahridagi «Park» universiteti qoshidagi xalqaro musiqa markazida tahsil olgan. 

B.Abduraimov so'nggi mavsumlarda London, Los-Anjeles va Myunxen filarmoniya orkestrlari, London simfonik orkestri, NHK simfonik orkestri (YAponiya), “Kontsertgebau” Qirollik orkestri, BBC Shotlandiya simfonik orkestri, Oslo filarmoniya orkestri bilan kontsert dasturlarida ishtirok etgan. Pianinochi kontsert dasturlari AQSh, Evropa va Osiyo mamlakatlarida zallarni to'liq to'playdi. 

19-21 dekabr` kunlari: Al Burda festivali

Madaniyat va san'atni rivojlantirish jamg'armasi «Expo-2020» doirasida 19-21 dekabr` kunlari bo'lib o'tadigan «Al Burda» festivalida ishtirok etadi hamda O'zbekiston xalq musiqali ijodiyoti, yurtimiz fil`mlarini namoyish etadi, shuningdek, «Shahar hayoti: Islom makonini o'zgartirish» mavzusidagi sho''ba muhokamasida ishtirok etadi. 

«Al Burda» — Birlashgan Arab Amirliklarining madaniyat va taraqqiyot vazirligi homiyligida ishlaydigan ko'p tarmoqli platformadir. Bu ijodiy rahbarlar, olimlar, rassomlar va jamoa a'zolari uchun hamkorlik qilish, fikr almashish va Islom san'ati va madaniyati g'oyalarini birgalikda yaratish uchun global makondir. Festivalning maqsadi – yosh avlodlarni o'z madaniy boyliklarini yanada chuqurroq o'rganishlarini hamda jamiyatda Islom madaniyatining o'rnini mustahkamlashdan iborat. 

O'zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzuridagi madaniyat va san'atni rivojlantirish jamg'armasi to'g'risida

Madaniyat va san'atni rivojlantirish jamg'armasi O'zbekistonda madaniyat, san'at, adabiyot, teatr, musiqa, arxitektura va xoreografiyani rivojlantirishga qaratilgan loyihalarni boshlab beradi. Xalqaro madaniy aloqalarni yo'lga qo'yadi va mamlakatning madaniy salohiyatini jahon miqyosida ilgari suradi. Jamg'armaning uzoq muddatli dasturlari orasida mamlakat madaniy muassasalarida inklyuziv va qulay muhit yaratish, muzeylarni yangilash, homiylikni rivojlantirish va muzeylar, teatrlar va boshqa madaniy institutlar uchun kadrlar salohiyatini shakllantirishga ko'maklashish kiradi.

Expo jahon ko'rgazmasi haqida

Eng zamonaviy texnologiyalarni ko'rish va yangi dunyo qadriyatlarini o'rganish uchun mo'ljallangan “Expo” 1851 yilda Londonda tashkil etilganidan beri, doimiy ravishda etuk me'moriy asarlarni namoyish etib keladi, pavilonlar esa, ko'rgazmaning asosiy eksponatlariga aylanadi. O'zbekiston pavil`onining g'oyasi, tarixda ilk bor Yaqin Sharq hududida bo'lib o'tayotgan «EXPO 2020 Dubai»ning "Aql-idrokni birlashtirib, kelajakni yaratamiz" nomli asosiy mavzusi bilan aks etadi. 191 ta mamlakatlarning sa'y-harakatlarini birlashtirish va ularning bir xil maydondagi uchrashuvi “Expo-2020”ga savdo va investitsiya aloqalarini kengaytirish uchun global platforma nomini, shuningdek, innovatsiya, ilm-fan, madaniyat va ijtimoiy ahamiyatga ega loyihalar bo'yicha hamkorlikni talab qilish imkonini beradi. 

“Expo” jahon ko'rgazmasi har 5 yilda o'tkaziladi va dunyodagi eng qadimgi va eng yirik tadbirlardan biridir. Tadbir o'zining 170 yillik tarixi davomida ixtiro va texnologiyalarni namoyish etuvchi vitrinaga aylandi. 1873 yilda Vena shahrida bo'lib o'tgan jahon ko'rgazmasida texnik va sanoat yangiliklaridan tashqari, bir qator badiiy mahsulotlar namoyish etildi. O'shandan beri madaniyat va san'at butun dunyo bo'ylab “Expo” dasturining ajralmas hamkorlariga aylandi.