Ochilish marosimida, Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi raisining oʻrinbosari Farhod Toshmuhamedov, “Tasviriy oyina” respublika ijodiy uyushmasi raisi Iskandar Latipov, Oʻzbekiston Badiiy ijodkorlar uyushmasi raisi Ibrohim Valixoʻjayev Oʻzbekistonda badiiy-tasviriy ijodiy jarayonlarda yoshlarning munosib hissasi borligini va ular kun sayin faollashib borayotganini taʼkidladi.
Sakkiz kun davom etadigan mazkur koʻrgazmada yurtimizning barcha hududlari va Qoraqalpogʻistondan kelgan 18 yoshdan 33 yoshgacha boʻlgan 70 dan ziyod iqtidorli yoshlar, oʻzlarining mingga yaqin ijodiy sanʼat asarlarini keng jamoatchilikka, sanʼat ustalari, muxlislar va yoshlarga namoyish etmoqda.
- Navqiron Oʻzbekiston" respublika yosh ijodkorlarining amaliy sanʼat koʻrgazma-tanlovining birinchi kunida Toshkent kulolchilik zavodiga sayohat, Oʻzbekiston Respublikasi xalq ustasi Akbar Rahimov kulolchilik maktabida uchrashuv va mahorat darsi ham oʻtkazilishi rejalashtirilgan.
Tanlovga mamlkatimizning barcha hududlaridan yuborilgan ijodiy ishlar maxsus ishchi guruh tomonidan saralandi va “Navqiron Oʻzbekiston” respublika zamonaviy sanʼat koʻrgazmasida namoyish etish uchun tavsiya etildi. Namoyish etilayotgan ijodiy ishlar hakamlar hayʼati tomonidan baholanadi va gʻoliblar aniqlanadi. -“Navqiron Oʻzbekiston” respublika zamonaviy sanʼat koʻrgazmasini tashkil etishdan maqsad zamonaviy sanʼatning barcha sohalarida ijod qilayotgan yosh rassomlarning salohiyatini qoʻllab-quvvatlash va ularning ijodlarini keng targʻib qilishdan iboratdir deydi, – Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi Ijodkor yoshlar bilan ishlash boʻlimi boshligʻi Oynisa Poʻlatova. – Mazkur loyihani amalga oshirish doirasida yosh isteʼdod sohiblarini izlab topish, ular bilan ishlash, ularning iqtidorini roʻyobga chiqarish uchun chuqur oʻylangan tizim joriy etiladi.
Koʻrgazmada namoyish etilayotgan ijodiy ishlar hakamlar hayʼati tomonidan baholanadi va gʻoliblar aniqlanadi. Bundan tashqari har bir yoʻnalish boʻyicha ragʻbatlantiruvchi nominatsiyalar belgilanadi.
“Navqiron Oʻzbekiston” respublika zamonaviy sanʼat koʻrgazmasi gʻoliblarini taqdirlash marosimi 30-iyunda Markaziy koʻrgazmalar zalida boʻlib oʻtadi.
Tanlovning yopilish marosimida gʻoliblar “Navqiron Oʻzbekiston” respublika zamonaviy sanʼat koʻrgazmasining oltin, kumush va bronza medallari, diplom va qimmatbaho sovgʻalar bilan taqdirlanadi.
Koʻrgazma ishtirokchilarining barchasiga Sertifikat topshiriladi.
Gulichehra DURDIYEVA,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri