Ochiq va konstruktiv ruhda o‘tgan muloqot chog‘ida Kemyong universiteti bilan O‘zbekiston Badiiy akademiyasi hamda Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti o‘rtasida yo‘lga qo‘yilgan hamkorlikning bugungi holati tahlil etilib, istiqbolda o‘zaro aloqalarni yana-da faollashtirish masalalari atroflicha muhokama qilindi.

Ushbu taʼlim dargohlari o‘rtasidagi aloqalarni rivojlantirishga qo‘shgan hissasi uchun O‘zbekiston Badiiy akademiyasi raisi Akmal Nuridinovga Kemyong universiteti faxriy doktori unvoni topshirildi.

Tantanali marosimda so‘zga chiqqan universiteti prezidenti Sin Il Xi diplomatik munosabatlarimiz o‘rnatilganining 30 yilligi doirasida hamda Navro‘z bayrami arafasida O‘zbekiston Badiiy akademiyasi raisiga faxriy doktor unvoni berilishida ramziy maʼno borligini taʼkidladi.

- O‘tgan 30 yil davomida mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlarda madaniy-gumanitar yo‘nalish alohida o‘rin tutadi. Bu borada esa Akmal Nuridinovning ham o‘ziga xos xizmatlari katta, dedi Sin Il Xi.

O‘zbekiston Badiiy akademiyasi raisi unga ko‘rsatilgan bunday eʼtibordan mamnunligini bildirib, kelgusida ham birgalikdagi hamkorlik va o‘zaro talabalar almashinuvi mamlakatlarimiz o‘rtasida madaniyat va sanʼat sohasidagi hamkorlik ko‘lamini yana-da kengaytirishga xizmat qilishini taʼkidladi.

Tadbirda Kemyong universiteti professor-o‘qituvchilari va tadqiqotchilari, bu yerda tahsil olayotgan o‘zbekistonlik va xorijlik talabalar ishtirok etdi.