Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi tomonidan tasarrufdagi P.Benkov nomli Respublika ixtisoslashtirilgan rassomlik maktabida Tasviriy va amaliy sanʼat hamda dizayn yoʻnalishidagi ixtisoslashtirilgan sanʼat va madaniyat maktablari hamda maktab-internatlari (oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalari) da saboq olayotgan oʻquvchilar oʻrtasida Respublika tanloviga start berildi.
Mamlakatimizda 2021-yil “Yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”ga bagʻishlangan va Vazirlar Mahkamasining “Ijodkor yoshlar respublika tanlovlarini oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida” 2008-yil 13-oktyabrdagi 226-son qarori ijrosini taʼminlashga qaratilgan mazkur tanlovda Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi hamda Madaniyat vazirligi tizimidagi ixtisoslashtirilgan sanʼat va madaniyat maktablari, maktab-internatlari oʻquvchilari ishtirok etmoqda.
Tanlov tashkiliy qoʻmitasi raisi oʻrinbosari, Badiiy akademiyaning Taʼlim muassasalari faoliyatini muvofiqlashtirish va metodik taʼminlash boshqarmasi boshligʻi M.Qurbonov maʼlumotiga koʻra, unda 200 nafarga yaqin oʻquvchi yoshlar ishtirok etayapti va nominatsiyalar boʻyicha mavzular talabgorlar tomonidan ixtiyoriy ravishda tanlanmoqda.
Tanlov Hayʼati tarkibidan Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi haqiqiy aʼzolari hamda Oʻzbekiston Badiiy ijodkorlar uyushmasi aʼzolari oʻrin olgan.
14-18-iyun kunlari tasviriy va amaliy sanʼat, dizayn yoʻnalishlarida oʻtkazilayotgan tanlovning birinchi kunida ishtirokchilar dastgohli rangtasvir, mahobatli rangtasvir hamda mahobatli bezak sanʼati rassomi ixtisosliklari boʻyicha portret, peyzaj, natyurmort, interyer, eksteryer, mozaika, mahobatli bezak, kulolchilik, mayda plastika nominatsiyalarida ijodiy salohiyatini namoyish etdilar.