Uchrashuv davomida oʻzbek–bangladesh hamkorligining hozirgi holati va uni keng koʻlamli yoʻnalishlar boʻyicha faollashtirishning istiqbollari koʻrib chiqildi. Tomonlar ikki mamlakat hukumatlari tomonidan uzoq muddatli va oʻzaro manfaatli munosabatlarni yanada rivojlantirishga ustuvorlik berilayotganligini taʼkidladilar.

Xususan, oʻzaro savdo hajmini koʻpaytirish, sanoat kooperatsiyasini yoʻlga qoʻyish va mushtarak manfaatlar doirasidagi istiqbolli tarmoqlarda yirik yuqori texnologiyali loyihalarni amalga oshirish boʻyicha birgalikda bajariladigan ishlar muhokama qilindi.

Transport va turizm sohasidagi hamkorlikni faollashtirish chora-tadbirlariga alohida eʼtibor qaratildi. “Toshkent – Dakka – Toshkent” yoʻnalishi boʻyicha toʻgʻridan-toʻgʻri havo qatnovini tiklash istiqbollari qayd etildi. Tomonlarning fikriga koʻra, bu oʻzaro yoʻlovchilar tashish hajmini oshishiga hamda madaniy va turistik almashinuv imkoniyatlarining kengayishiga olib keladi. Shuningdek, joriy yilda Oʻzbekiston va Bangladesh oʻrtasida diplomatik aloqalar oʻrnatilganligining 30 yilligiga bagʻishlangan bir qator madaniy tadbirlar oʻtkazishga kelishib olindi.

Muzokaralar yakunida tomonlar ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish boʻyicha yaqin istiqbolda amalga oshiriladigan chora-tadbirlar rejasini kelishib oldilar hamda belgilangan vazifalarni hal etishda faol hamkorlik qilishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.