Tadbirda turizm sohasida ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish holati va istiqbollari muhokama qilindi. Rossiya tomon Oʻzbekistonda sayyohlik sohasi, infratuzilma va turizmning yangi turlarini rivojlantirish yoʻlida amalga oshirilayotgan ishlar, mamlakatda pandemiya davrida sohani tezkor tiklash maqsadida turizm biznesini qoʻllab-quvvatlashga doir koʻrilayotgan choralar, shuningdek xalqaro turizmni tiklash uchun sharoitlarni bosqichma-bosqich yumshatish haqidagi maʼlumotlardan batafsil xabardor qilindi.
RTOA rahbariyatiga jahon standartlariga javob beruvchi “Uzbekistan. Safe Travel GUARANTEED” sanitar-epidemiologik xavfsizlik tizimining yoʻlga qoʻyilishi, “Xavfsiz obyektlar reyestri”ning yaratilishi hamda ichki va tashqi turizmni rivojlantirishdagi xavfsizlik sharoitlarini tashkil qilishga oid boshqa chora-tadbirlar haqida maʼlumotlar taqdim etildi.
Muzokaralar davomida Rossiyada Oʻzbekiston barcha mavsumlarda sayohat qilish mumkin boʻlgan yoʻnalish sifatida koʻrilayotgani qayd etilib, mamlakatimizning rossiyalik sayyohlar orasida katta qiziqish uygʻotayotgani hamda muntazam aviareyslar ochilishi kutilayotgani taʼkidlandi.
Onlayn uchrashuv yakunlariga koʻra, tomonlar Oʻzbekiston- Rossiya turkompaniyalari oʻrtasidagi hamkorlik aloqalarini yana-da rivojlantirish hamda qoʻshma loyihalarni amalga oshirish, shuningdek Rossiya aholisi oʻrtasida Oʻzbekistonning turistik salohiyatini targʻib qilishda Assotsiatsiya maydonidan foydalanish uchun mazkur formatdagi muloqotni davom ettirishga kelishib olishdi.