Oʻzbekiston chim ustida xokkey federatsiyasi raisi Bahodir Ahmedov boshchiligida chim ustida xokkey boʻyicha mamlakatimiz oʻsmirlar terma jamoasi aʼzolari shu kunlarda Belarus poytaxti Minsk shahrida boʻlib oʻtayotgan xalqaro turnirda ishtirok etyapti. Xalqaro turnir 26-aprelga qadar davom etadi.
Belarusga tashrifning ilk kunida Bahodir Ahmedov boshchiligidagi delegatsiya aʼzolari ushbu mamlakat chim ustida xokkey federatsiyasi kuzatuv kengashining raisi Valeriy Ivanov bilan uchrashdi.
Unda dastlab ikki davlat oʻrtasida 2018-yilda imzolangan memorandumning ijrosi muhokama etildi. Shuningdek, kelgusida ikki davlat milliy terma jamoalari oʻrtasida xalqaro oʻrtoqlik uchrashuvlarini tashkil etish, trenerlar va shifokorlar oʻrtasida oʻzaro tajriba almashinuvi masalalarida ham kelishuvga erishildi.
Shu kunning oʻzida mamlakatimiz delegatsiyasi aʼzolari Belarus davlat jismoniy tarbiya universiteti rahbariyati bilan ham uchrashdi. Unda tomonlar oʻsib kelayotgan yosh avlodni xalqaro toifadagi trenerlik yoʻnalishi boʻyicha bilimlarini yana-da oshirish maqsadida ushbu oliygoh professor-oʻqituvchilarini Oʻzbekistonga taklif etgan holda tajriba almashinuviga kelishib olindi.
Bevosita xalqaro turnirga kelsak, musobaqaning ikkinchi kunida Oʻzbekiston oʻsmirlar terma jamoasi Belaruslik tengqurlari bilan kuch sinashib, unda hamyurtlarimiz maydon egalaridan yirik 4-1 hisobida ustun kelishdi. Musobaqa davom etadi, deb xabar beradi Turizm va sport vazirligi matbuot xizmati.