Oʻzbekiston bilan Latviya oʻrtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish yoʻllari muhokama qilindi

    Xalqaro hamkorlik 9 Fevral 2022 1652

    Joriy yil 9-fevralda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov Latviya hukumati vakillari va ishbilarmonlari delegatsiyasining tashrifi doirasida Oʻzbekistonda boʻlib turgan Latviya Respublikasi tashqi ishlar vaziri Edgars Rinkevichs bilan uchrashuv oʻtkazdi.

    Uchrashuv chogʻida investitsiyalar, savdo, transport va logistika hamda boshqa ustuvor yoʻnalishlardagi ikki tomonlama hamkorlikning dolzarb masalalari muhokama qilindi.

    Latviya korxonalarining Oʻzbekistonda biznesni rivojlantirishga qiziqishi ortib borayotgani alohida taʼkidlandi. Masalan, soʻnggi besh yil ichida mamlakatda Latviya kapitali ishtirokidagi korxonalar soni 2 baravar koʻpaydi. Latviya ishbilarmon doiralarining Oʻzbekistondagi loyihalarni amalga oshirishdagi investitsiyaviy faoliyatini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha faol hamkorlik qilishga oʻzaro tayyorlik bildirildi.

    Savdo hamkorligini kengaytirishning muhim istiqbollari qayd etildi – Latviya Yevropa Ittifoqi mamlakatlari orasida Oʻzbekistonning eng yirik savdo hamkorlarining qatoriga kiradi. Soʻnggi besh yil ichida ikki mamlakat oʻrtasidagi savdo aylanmasi deyarli ikki baravar koʻpaydi. Tomonlar 2021-yil sentyabr oyida Riga shahrida Oʻzbekiston savdo uyining ochilishini olqishladi va bu qadam ikki davlat oʻrtasidagi savdo aloqalarining chuqurlashishiga qoʻshimcha turtki berishiga umid bildirdi. Shu nuqtayi nazardan, yaqin kelajakda ikki mamlakat ishbilarmonlari oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri aloqalarni oʻrnatish hamda investitsiyaviy va savdo sohasida hamkorlikni kengaytirish imkoniyatlarini oʻrganish maqsadida Latviyada qoʻshma tarmoq koʻrgazmasi va biznes-forum oʻtkazishga kelishib olindi.

    Alohida tartibda transport va logistika sohasidagi hamkorlikni chuqurlashtirish masalalari koʻrib chiqildi. Tomonlar transport boʻyicha Oʻzbekiston-Latviya Ishchi guruhining 1-yigʻilishini joriy yil 7-fevralda oʻtkazilishini olqishladi. Tadbir natijalari boʻyicha ikki mamlakat Transport vazirliklari oʻrtasida oʻzaro anglashuv Protokoli hamda Oʻzbekiston va Latviya oʻrtasida transport va logistika sohasida amaliy hamkorlikni rivojlantirish boʻyicha “Yoʻl xaritasi” imzolandi. Shu nuqtayi nazardan, Latviya portlarining logistika infratuzilmasidan foydalangan holda oʻzbek ishlab chiqaruvchilarining mahsulotlarini Yevropa Ittifoqi mamlakatlariga eksport qilish hajmini kengaytirish imkoniyatlari qayd etildi.

    Uchrashuv ishtirokchilari ikki tomonlama hamkorlikning keng koʻlamli yoʻnalishlarini belgilab, iqtisodiy, sanoat va ilmiy-texnikaviy hamkorlik boʻyicha Oʻzbekiston-Latviya Hukumatlararo komissiyasi doirasida muloqotni rivojlantirish dolzarbligini taʼkidladilar va joriy yilning ikkinchi yarmida navbatdagi yigʻilishini oʻtkazish masalasini muhokama etdilar.

    Shuningdek, raqamli texnologiyalar, innovatsiya va startaplar, oʻrmonchilik va ekoturizm kabi tomonlarni qiziqtirgan boshqa sohalardagi hamkorlikning jihatlariga ham toʻxtalib oʻtildi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.