Uyushma Adliya vazirligi tomonidan №309- reyestr tartib raqami bilan 2020-yil 26-oktyabr kuni davlat roʻyxatidan oʻtkazildi.

“Oʻzbekiston Biznesni rivojlantirish” uyushmasi taʼsischilarining umumiy yigʻilish qaroriga asosan bugungi kunda “Oʻzbekiston Eksportchilari” uyushmasi boshqaruvi raisining birinchi oʻrinbosari lavozimida ishlayotgan Malikov Yorqinjon Erkinjonovich yangi uyushmaning boshqaruvi raisi lavozimiga tayinlandi.

Yorqin Malikov 1987-yil Toshkent shahrida tugʻilgan. Millati - oʻzbek. Maʼlumoti - oliy.

2010-2018-yillar davomida “Evro Star Trade” oilaviy korxonasi direktori oʻrinbosari boʻlib ishlagan. 2018-yildan hozirga qadar - “PRIME HOLDING” MCHJ direktori, 2019-yildan Oʻzbekiston eksportchilari uyushmasi boshqaruv raisining birinchi oʻrinbosari, shu bilan birga, Xalq deputatlari Olmazor tumani kengashi deputati sifatida faoliyat yuritib kelmoqda.

“Oʻzbekiston Biznesni rivojlantirish” uyushmasining vazifalari etib quyidagilar belgilandi:

- mamlakatimiz tadbirkorlarining pandemiya sharoiti natijasida yuzaga kelgan muammolarini bartaraf etishga koʻmaklashish hamda ishbilarmonlarning jahon biznes standartlariga faol transformatsiya jarayonlarini amalga oshirish;

- yashirin iqtisodiyotni qisqartirishda hukumatga koʻmaklashish;

- raqamli iqtisodiyotga tadbirkorlik subyektlarini transformatsiya qilish;

- qonunchilikka kiritilayotgan oʻzgartirishlarning muhokamalariga tadbirkorlarni keng jalb qilish;

- mamlakatimizda biznes faoliyati bilan shugʻullanuvchi tadbirkorlik subyektlarini jadal rivojlanishiga, sohadagi xususiy sektorning mamlakatimiz iqtisodiy hayotidagi roli va ahamiyatini tubdan oshirishga yordam berish, biznes faoliyati uchun qulay shart-sharoit yaratish;

- uyushma aʼzolari hisoblangan barcha tadbirkorlik subyektlarining ish jarayonida mavjud boʻlgan muammolarini oʻrganish, tahlil qilish hamda muammolarning yechimini topish boʻyicha chora-tadbirlar belgilash;

- mavjud muammolarni hal qilish boʻyicha zarur boʻlganda amaldagi qonun va meʼyoriy hujjatlarga oʻzgartirishlar kiritish yuzasidan hukumatga taklif kiritish;

- mamlakatimizga import qilinayotgan mahsulotlar boʻyicha uyushma aʼzolarining faoliyatida bojxona rasmiylashtiruviga doir yuzaga kelayotgan muammolarni hal qilishga koʻmaklashish;

- yurtimiz biznes salohiyatini oshirishda rivojlangan davlatlar tajribasini oʻrganish, ilgʻor tajribalarni Respublika tadbirkorlari oʻrtasida targʻib qilish;

- biznesni rivojlantirish maqsadida chuqur marketing tadqiqotlari va tahlillar olib borib, ularning natijalari asosida tegishli chora-tadbirlar belgilash;

- Uyushma aʼzolarini birlashtirish, ularning faoliyatini muvofiqlashtirish, shuningdek, mushtarak mulkiy manfaatlarini ifoda etish hamda himoya qilish;

- Uyushma aʼzolariga chet ellik sheriklar bilan amaliy muloqotlar va aloqalarni kengaytirish, eksport mahsulotini tashqi bozorlarga olib chiqish, shu jumladan, yangi ishlab chiqarishlar barpo etish hamda chet el investitsiyalarni jalb etishda koʻmaklashish;

- Uyushma aʼzolariga Oʻzbekiston Respublikasi va xorijda koʻrgazmalar, yarmarkalar, taqdimotlar, anjumanlar, biznes forumlar, kooperatsiya birjalarni tashkillashtirishda yaqindan yordam berish;

- Oʻz aʼzolarining investitsion, tijorat, ilmiy-texnikaviy va iqtisodiy faoliyatini muvofiqlashtirish.

Eslatma: Uyushmani moliyalashtirish aʼzolik badallari evaziga shakllantiriladi.

“Oʻzbekiston Biznesni rivojlantirish” uyushmasi

Matbuot xizmati