Oʻzbekiston “Bolalar va yoshlar uchun doʻstona shahar” global tashabbusiga rasman qoʻshildi

    Dolzarb 1 Iyul 2021 466

    Respublikamiz aholisining 55 foizini yoshlar tashkil etadi va ular yurtimiz kelajagi va salohiyatidir.

    20 yildan soʻng bugungi bolalar va yoshlar Oʻzbekiston tarixidagi eng katta ishchi kuchiga aylanadi. Bugun yosh avlodning salohiyatini oshirishga (taʼlim, malaka, sogʻliqni saqlash) kiritilayotgan investitsiya ertaga meva bera boshlaydi, yaʼni aynan shu bolalar va yoshlar Oʻzbekistonning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini yangi bosqichga olib chiqishi mumkin. Hukumatimiz tomonidan yoshlarni qoʻllab-quvvatlashga, yoshlar bilan ishlash siyosatini takomillashtirishga davlatning ustuvor yoʻnalishi sifatida eng yuqori darajada eʼtibor qaratilmoqda. Jumladan, yoshlar uy-joyga ega boʻlishiga, taʼlim olishiga, bandligiga, ijtimoiy himoyalanishiga katta mablagʻlar ajratilmoqda. Davlat rahbari yoshlar bilan muntazam muloqotda boʻlish zarurligini taʼkidlaydi. Bu borada “Hokim va yoshlar” uchrashuvlari, Yoshlar parlamentlari muloqot uchun maydonga aylanib ulgurdi. Vazirlar, Yoshlar ishlari agentligi va Prezidentning oʻzi yoshlar bilan tez-tez uchrashmoqda.

    Ushbu ishlarning mantiqiy davomi va yoshlar bilan ishlashda tizimli yondashuvlar taklifi sifatida “Yuksalish” umummilliy harakati BMTning Bolalar jamgʻarmasi – YUNISEF bilan hamkorlikda “Bolalar va yoshlar uchun doʻstona shahar” global tashabbusini amalga oshiradi. Uning asosiy gʻoyasi shundan iboratki, har bir bola va yosh yigit-qiz ular uchun xavfsiz boʻlgan, asosiy ijtimoiy xizmatlardan foydalana oladigan hamda ularning ovozlariga quloq tutib, fikr-mulohazalari eʼtiborga olinadigan muhitda oʻsish va rivojlanish huquqiga ega.

    Tashabbus mahalliy boshqaruv tizimida bolalar huquqlarini amalga oshirishga alohida eʼtibor qaratishga xizmat qiladi, shuningdek, bolalarning fikri va ehtiyojlari davlat siyosati, dasturlari va qarorlarining ajralmas qismi boʻlgan jamoatchilikni shakllantirishga yordam beradi.

    Maqsad – bolalar va yoshlarning bevosita ularning hayotiga tegishli masalalar boʻyicha qarorlar qabul qilishda ishtirok etishiga va tegishli ravishda joylarda harakat dasturlarini ishlab chiqib, ularni amalga oshirishga yoʻnaltirilgan tizimli yondashuvni qoʻllashdir.

    Tashabbus doirasida quyidagi yoʻnalishlar qamrab olinadi:

    - yoshlar bandligi tizimini takomillashtirish;

    - qoʻshimcha taʼlim olish imkoniyatlarini kengaytirish;

    - yoshlar madaniyatini rivojlantirish;

    - xavfsizlik va farovon atrof-muhitni yaratish;

    - sogʻlom turmush tarzini keng targʻib etish.

    Oʻzbekistonda “Bolalar va yoshlar uchun doʻstona shahar” dastlab turli viloyatlardagi 5 ta shaharda amalga oshiriladi. Buning uchun hamkor tashkilotlar uslubiy, texnik va moliyaviy koʻmak beradi. Avvalo, joylarda bolalar va yoshlar uchun yaratilgan sharoitlar tahlil qilinib, ularni takomillashtirish boʻyicha dasturlar shahar hokimlari bilan hamkorlikda ishlab chiqiladi, deb xabar berdi “Yuksalish” umummilliy harakati matbuot xizmati.

    Maʼlumot uchun: “Bolalar va yoshlar uchun doʻstona shahar” global tashabbusi YUNISEF tomonidan 1996-yilda BMTning aholi punktlarini rivojlantirish masalasi boʻyicha ikkinchi konferensiyasi rezolyutsiyasi doirasida ilgari surilgan. Bugungi kunda ushbu tashabbus dunyo boʻylab 3 000 ta shahar, 30 million nafar bolalar va yoshlarni qamrab olgan.