Yurtdoshimiz J.T. bir guruh shaxslar tomonidan Dubay shahridagi nomaʼlum manzilda majburiy tarzda ushlab turilgan. Bu haqda jabrlanuvchi yaqin qarindoshlari orqali Oʻzbekiston Bosh konsulligiga murojaat qilgan.

Taʼkidlanishicha, jinoiy toʻda undan jami 200 ming AQSH dollari pul talab qilib, soʻralgan mablagʻni aytilgan vaqtda va manzilga keltirilmagan taqdirda joniga qasd qilish bilan qoʻrqitib kelgan.

Bosh konsulxona xodimlari va Birlashgan Arab Amirliklarining huquqni muhofaza qiluvchi idoralari bilan birgalikda amalga oshirilgan tadbir natijasida J.T. ushlab turilgan manzil aniqlandi va ozodlikka chiqarildi.

Hozirgi kunda ushbu jinoiy guruh aʼzolarining aksariyati BAA huquqni muhofaza qiluvchi idoralari tomonidan ushlangan va ularga nisbatan tergov-surishtiruv ishlari olib borilmoqda.