Respublika hududining katta qismida yogʻingarchilik kutilmaydi, faqat 6-fevralda respublika janubida, 7-fevralda Fargʻona vodiysi viloyatlarida biroz yomgʻir yogʻishi mumkin. Havo harorati 6-fevralda 7-12 daraja iliq, 7-fevralda 10-15 daraja iliq, baʼzi joylarda 18 daraja iliqgacha boʻladi.

8-fevralda Oʻzbekiston hududiga Oʻrta yer dengizi hududlaridan nam havo kirib kelishi kutilyapti. Respublika boʻyicha baʼzi joylarda yomgʻir yogʻadi, ayrim joylarda momaqaldiroq boʻlishi mumkin. Fargʻona vodiysi viloyatlarida yogʻingarchilik kutilmaydi.

Havo harorati kechasi 2-7 daraja iliq, kunduzi 10-15 daraja iliq atrofida, baʼzi joylarda 17-20 daraja iliqgacha boʻladi.

9-10-fevralda Oʻzbekiston hududiga markazi Rossiyaning Yevropa qismi ustida shakllangan sovuq antitsiklon qismi kirib keladi.

Respublika boʻyicha vaqti-vaqti bilan yogʻingarchilik (yomgʻir qorga aylanadi) boʻladi. Togʻoldi va togʻli hududlarda kuchli yogʻingarchilik boʻlishi mumkin.

Havo harorati pasayadi. 9-fevralda respublika hududining katta qismida kechasi va kunduzi 4-9 daraja iliq, 10-fevralda kechasi 0-5 daraja sovuq, kunduzi 2 daraja sovuq-3 daraja iliq boʻladi. Respublika shimolida harorat kechasi 7-12 daraja sovuqgacha, Ustyurtda 15 daraja sovuqgacha, kunduzi 2-7 daraja sovuqgacha pasayadi.

7-9-fevralda respublika boʻyicha baʼzi joylarda shamol tezligi 17-22 m/s gacha kuchayishi kutiladi, deb xabar beradi Oʻzbekiston gidrometeorologiya xizmati markazi.