Oʻzbekiston BRIKSning hamkoriga aylandi

    Xalqaro hamkorlik 9 Iyul 2025 1458

    Oliy Majlis Senati raisining birinchi oʻrinbosari Sodiq Safoyev boshchiligidagi Oʻzbekiston delegatsiyasi Braziliyaning Rio-de-Janeyro shahrida boʻlib oʻtgan BRIKSning 17-sammitida ishtirok etdi.

    Ushbu nufuzli forumda 38 davlat va xalqaro tashkilotlarning delegatsiyalari qatnashdi.

    Sammit doirasida savdo-iqtisodiy hamkorlikni chuqurlashtirish, iqlim oʻzgarishiga qarshi kurashish va uni moliyalashtirish, tinchlik hamda xavfsizlikni taʼminlashda hamkorlikni mustahkamlash, sunʼiy intellektni rivojlantirish va sogʻliqni saqlash tizimini integratsiya qilish kabi masalalar muhokama qilindi.

    Oʻzbekiston delegatsiyasi anjuman ishtirokchilariga mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar, jumladan, iqtisodiyotni modernizatsiya qilish, taʼlim va sogʻliqni saqlash tizimini takomillashtirish, kambagʻallikni qisqartirish, raqamli transformatsiya va “yashil” iqtisodiyotni rivojlantirish toʻgʻrisida atroflicha maʼlumot berdi.

    Sammit yakunida deklaratsiya qabul qilinib, unga koʻra Oʻzbekiston BRIKSning hamkoriga aylandi.

    Maʼlumot oʻrnida qayd etib oʻtish kerakki, BRIKS davlatlararo assotsiatsiya boʻlib, Braziliya, Rossiya, Hindiston, Xitoy, Janubiy Afrika, BAA, Saudiya Arabistoni, Eron, Misr va Efiopiya davlatlarini birlashtirgan ittifoq hisoblanadi.