Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti ekspertlari oʻtkazgan tahlil davomida mamlakatimizdan tovarlar va xizmatlar ekport qilinadigan mamlakatlar soni ortgani va tovar nomenklaturasidagi mahsulotlar turi ham koʻpaygani aniqlandi.
Jumladan, 2017-2022-yillar mobaynida mamlakatimizning eksport geografiyasi 16 mamlakatga kengayib, bugungi kunda mahsulotlarimiz 117 davlatga yetib bormoqda. Xususan, Peru (3 965,9 ming AQSH dollari), Albaniya (3 196,3 ming AQSH dollari), Shimoliy Makedoniya (1 454,7 ming AQSH dollari), Senegal (311,7 ming AQSH dollari), Mavrikiy (303,1 ming AQSH dollari) kabi mamlakatlarga ham mahsulotlarni eksport qilish yoʻlga qoʻyildi. Tovar nomenklaturasida 2017-yildagi 179 xil mahsulot turi 2022-yilga kelib 200 dan ortdi.
Shuningdek, paxta tolasi eksportidan voz kechilib, uning oʻrniga paxtadan tayyorlangan qoʻshilgan qiymati yuqori tovarlar eksporti yoʻlga qoʻyildi. Jumladan, umumiy qiymati 1 613,5 million dollarga teng boʻlgan paxtadan yigirilgan ip, 644,9 million dollarlik tayyor trikotaj va toʻqimachilik mahsulotlari, 242,8 million dollarlik naqshli mato, 131,6 million dollarlik gazlamalar, 78,1 million dollarlik ipak va ipak mahsulotlari, 42,1 million dollarlik gilam mahsulotlari eksport qilindi.
Maishiy texnika vositalaridan changyutgich, kir yuvish mashinasi, gaz plitasi, televizor kabi tovarlar quyidagi mamlakatlarga yetkazib berilmoqda:
– Changyutgichlar – Qozogʻiston, Rossiya, Ukraina, Qirgʻiziston, Tojikiston, Ozarbayjonga.
– Kir yuvish mashinalari – Tojikiston, Qozogʻiston, Rossiya, Qirgʻiziston, Ozarbayjon, Moldova, Turkmaniston, Turkiyaga.
– Gaz plitalari – Qozogʻiston, Rossiya, Tojikiston, Turkmaniston, Armanistonga.
– Televizorlar – Rossiya, Ozarbayjon, Qozogʻiston, Tojikiston, Turkmaniston, Armaniston, Qirgʻizistonga.